Poytaxtda 1 mlrd dollarlik ikki qavatli pullik halqa yo‘li quriladi

Jamiyat

image

Toshkent shahar hokimligi Xitoyning China Railway Construction kompaniyasi bilan uzunligi 100 kilometr bo‘lgan ikki qavatli pullik halqa avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha bitim imzoladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimining transport va yo‘l infratuzilmasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga taqdim etgan hisobotida ma’lum qildi.

Hisobotda qayd etilishicha, mazkur bitim poytaxt atrofida uzunligi 100 kilometr bo‘lgan ikki qavatli pullik halqa avtomobil yo‘lini barpo etishni nazarda tutadi. Loyiha qiymati 1 milliard dollarga baholangan.

Hujjatda keltirilishicha, Toshkent shahrida yo‘l infratuzilmasi loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha Xitoyning bir qator kompaniyalari bilan kelishuvlar imzolangan. Xususan:

  • China Construction kompaniyasi bilan 500 million dollarlik loyiha doirasida 3 ta yo‘l o‘tkazgich va 4 ta kemping maskanini barpo etish, shuningdek, 27 kilometr avtomobil yo‘lini kapital ta’mirlash;
  • SINO-Hunan kompaniyasi bilan 1 milliard dollarlik loyiha doirasida 7 ta tunnel, 5 ta yo‘l o‘tkazgich, 16 ta ko‘chada 57 kilometr BRT yo‘laklari hamda 279 kilometr avtomobil yo‘lini qurish;
  • China Railway Construction kompaniyasi bilan 1 milliard dollarlik loyiha doirasida uzunligi 100 kilometr bo‘lgan ikki qavatli Toshkent halqa pullik avtomobil yo‘lini barpo etish;
  • Shanghai Construction kompaniyasi bilan 100 million dollarlik loyiha doirasida bitta kemping markazini qurish va 7,7 kilometr avtomobil yo‘lini ta’mirlash;
  • Xinjiang Hui’er Agricultural kompaniyasi bilan yo‘lbo‘yi hududlarini landshaft dizayni asosida ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.

Qayd etilishicha, Toshkent shahrida Intellektual transport tizimini joriy etish bo‘yicha Germaniya mutaxassislari ishtirokida texnik topshiriq ishlab chiqilgan. Mazkur tizimni yaratish yuzasidan adaptiv svetoforlar va sun’iy intellekt asosidagi transport boshqaruvi bo‘yicha tajribaga ega 12 ta xalqaro kompaniya bilan muzokaralar olib borilgan.

Bundan tashqari, Toshkent shahrining transport master-rejasi va makromodelini ishlab chiqish maqsadida AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Rossiya, Shvetsiya hamda Fransiyaning 90 dan ortiq kompaniyasi ishtirokida xalqaro tanlov o‘tkazilgan. Tanlov yakunlariga ko‘ra, g‘olib deb topilgan Step City kompaniyasiga 2026 yil sentyabr oyi yakuniga qadar poytaxtning transport master-rejasi va makromodelini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent – Samarqand yo‘nalishidagi yangi, qiymati qariyb 2,2 milliard dollar bo‘lgan olti polosali zamonaviy avtomagistral yo‘l qurilishini boshlab bergandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing