Poytaxt va Toshkent viloyatida vaqtinchalik “propiska”ning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi
Jamiyat
−
29 Oktabr 2022
6743Fuqarolarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi yanada takomillashtiriladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekistan Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishning tajriba-sinov tariqasidagi yangi tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
Qarorga ko‘ra, fuqarolarni vaqtincha turgan joyi bo‘yicha maxsus planshet qurilmalari orqali elektron ro‘yxatga olish faoliyati 2022 yil 1 noyabrdan 2023 yil 1 sentyabrga qadar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida tajriba-sinov tariqasida tashkil etiladi.
Fuqarolar Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatida yashash joyi bo‘yicha mulkdorning arizasida yoki soliq organlarida hisobga olingan ijara shartnomasida ko‘rsatilgan, biroq bir yildan ortiq bo‘lmagan muddatga vaqtincha ro‘yxatga olinadi.
Vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish uchun fuqarolar kelgan kunidan boshlab 15 kun muddatda o‘z xohishiga ko‘ra, quyidagilarga murojaat qilishi mumkin:
• Qulay manzildagi profilaktika inspektorlariga;
• Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga;
• Davlat xizmatlari markazlariga;
• Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz)ga.
Vaqtincha ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qayd varag‘i fuqaroning turgan joyida vaqtincha ro‘yxatga olinganligini tasdiqlaydigan hujjat hisoblanadi.
LiveBarchasi