Poytaxt hokimligi Olmazordagi fojiada jarohatlanganlar yo‘qligi haqida yolg‘on bayonot tarqatdi

Jamiyat

image

Avvalroq, Toshkent shahri Olmazor tumanidagi Beruniy ko‘chasi, “Orzu” mahallasidagi qurilish hududida yer o‘pirilib, daraxt qulagani va elektr simlari uzilgani haqida xabar berilgan edi. Toshkent shahar hokimligi qurilish ob’ektida yuz bergan hodisa yuzasidan rasmiy bayonot berib, unda jarohatlanganlar yo‘qligini aytmoqda.

“Ayni paytda hodisa oqibatida jabrlanganlar va tibbiy yordam so‘rab murojaat qilganlar yo‘q”, deydi shahar hokimligi fojianing haqiqiy tafsilotlarini yashirib.

QALAMPIR.UZ’ga voqea guvohlari va mahalla turg‘unlari yetkazgan ma’lumotlar va hodisa aks etgan videolar esa unda jarohatlanganlar borligi va tez tibbiy yordamga murojaat qilinganini tasdiqlamoqda.

Videoda tez yordam xodimlari kelgach, yerda yotgan ishchiga yordam ko‘rsatgani va keyinchalik bir necha kishi uni zambilga ortib, tez tibbiy yordam avtomobiliga olib chiqqani aks etgan.

Shuningdek, videoda voqea joyida olti nafar ishchi turgani ko‘rinadi.

Ayni paytda videoda aks etgan shaxsning holati va uning voqea oqibatida jarohat olgan-olmagani bo‘yicha rasmiy ma’lumot berilmagan.
Hokimlikka ko‘ra, vaziyat Toshkent shahar hokimining nazoratiga olingan bo‘lib, uning topshirig‘iga binoan Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini nazorat qilish inspeksiyasi, prokuratura organlari, Olmazor tumani hokimligi hamda boshqa mutasaddi idoralar vakillari ishtirokida tezkor maxsus komissiya tuzilgan.

“Voqea joyida fuqarolar xavfsizligiga tahdidni bartaraf etish, xavfli hududni o‘rab olish va unga kirishni cheklash bo‘yicha birlamchi choralar ko‘rilmoqda. Mutaxassislar hodisa sabablarini, shuningdek, yondosh hudud, yo‘l qoplamasi va muhandislik kommunikatsiyalarining holatini o‘rganmoqda.

Tekshiruv natijalari bo‘yicha mas’ul shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi. Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik talablari va qurilish me’yorlarining buzilishiga yo‘l qo‘ygan barcha shaxslar, shubhasiz, qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi”, deyiladi bayonotda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing