Poyezd halokati. Qurbonlar soni ortdi, norozilik kuchaydi

Olam

image

Avval xabar berganimizdek, Gretsiyaning Tempi shahrida yuk va yo‘lovchi poyezdlari to‘qnashib ketgan, oqibatda odamlar halok bo‘lgan edi. Hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra 57 kishining hayotiga zomin bo‘lgan fojia aholi orasida norozilik to‘lqinini kuchatirmoqda.  Bu haqda bugun, 4 mart kuni AMNA agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Gretsiya parlamenti va Monastiraki hududida bo‘lgan namoyishlar va anarxistlar harakati davomida politsiya mashinasiga o‘t qo‘yilgan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishchilar markaziy Sintagma maydoniga o‘tayotganda, bir necha kishi olomon orasidan otilib chiqib, politsiyaga qarata o‘q uzgan, tosh va boshqa narsalarni uloqtira boshlagan. Maxsus xizmat vakillari esa ko‘zni yoshlantiruvchi gaz bilan javob qaytargan. Keyinroq bir guruh noma’lum shaxslar Monastirakida politsiya mashinasini sindirib, yoqib yuborgan. Ikki voqeada tan jarohati olgan besh nafar politsiyachi shifoxonaga olib ketilgan.

Shuningdek, norozilik harakatlarida Gretsiya temir yo‘llari ittifoqi ham qatnashib, 4-5 mart kunlari butun mamlakat bo‘ylab ish tashlash e’lon qilgan. Ittifoqning ma’lum qilishicha,  Hellenic Train kompaniyasining hech qanday yo‘nalishlarida, jumladan Afinadagi shaharlararo liniyalarida ham poyezdlar harakatlanmaydi. 5 mart kuni ertalab temiryo‘lchilar Afinaning markaziy Sintagma (Konstitutsiya) maydonida miting o‘tkazishni rejalashtirgan.

Umumgretsiya temir yo‘llari va temir yo‘l transporti federatsiyasi ham bayonot berib, barcha vakolatli organlar, jumladan, infratuzilma va transport boshqaruvi vazirliklari, shuningdek, siyosiy partiyalar bilan tezlikda uchrashuv o‘tkazishni talab qilgan.

“Yig‘ilishlarda yana bir bor kasaba uyushmalarining temir yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasidagi fikrlari bayon qilinib, kelgusida har qanday noxush holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun ularni amalga oshirishning aniq jadvali belgilanishi talab etiladi. Yig‘ilishlardan so‘ng muhokamalar natijalarini inobatga olgan holda federatsiya boshqaruv kengashi tegishli qarorlar qabul qiladi. Agar natijalar ijobiy deb topilmasa, norozilik harakatlari kuchayishi istisno qilinmaydi. Shundan so‘ng butun Gretsiya jamiyatini, barcha temiryo‘lchilarni federatsiya xavfsizlik maqsadida shuncha yillardan beri ogohlantirib kelayotgani, lekin hech qachon jiddiy e’tiborga olinmagani haqida xabardor qilish uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tadi”, deyiladi bayonotda.

Fojiaviy katastrofadan so‘ng temiryo‘lchilar kasaba uyushmalari vakillari Afina-Saloniki temir yo‘lida harakat xavfsizligini ta’minlashda muammolar borligini ma’lum qilgan. Ularning aytishicha, poyezdlar soatiga 160 kilometrgacha tezlikda harakatlanadigan yo‘nalishlarning ayrim uchastkalarida yorug‘lik signalizatsiyasi va harakatni avtomatik boshqarish tizimlari ishlamayapti, poyezdlar harakati monitor ekranlarida aks etmaydi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 martiga o‘tar kechasi Gretsiyaning Tempi shahri yaqinida yuk poyezdi bilan to‘qnashib ketgan yo‘lovchi poyezdi bortida 350 ga yaqin odam bo‘lgan. Gretsiya yong‘in xavfsizligi xizmatining so‘nggi rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu temir yo‘l halokati qurbonlari soni 57 kishiga yetgan. Halok bo‘lganlarning aksariyati 20-30 yoshli yigit-qizlardir. O‘nlab odamlar, jumladan, ikkita poyezd mashinistlari bedarak yo‘qolgan. 38 kishi kasalxonada davolanmoqda, ulardan 7 nafari reanimatsiya bo‘limida. Qolganlar avtobusda Salonikiga evakuatsiya qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing