Portugaliyalik futbolchi o‘yin payti vafot etdi

Sport

image

Portugaliyaning “Real Massama” klubi yarim himoyachisi Kevin Kastro o‘rtoqlik uchrashuvi vaqtida maydonda hushidan ketib, vafot etdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Kastro joriy yilning 22 avgust kuni “Eshtrela da Amadora”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvining 10-daqiqasida maydonda hushidan ketgan. Ikki jamoaning tibbiy xodimlari zudlik bilan reanimatsiya ishlarini boshlagan, jumladan, defibrillyatordan foydalangan. Biroq ularning urinishlari samara bermagan.
Futbolchi shifoxonaga olib ketilgan, ammo uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.

“Kevin Kastro shunchaki futbolchi emas edi. U bizning oilamizning bir qismi edi va uni maydonda ham, undan tashqarida ham tanish sharafiga muyassar bo‘lgan har bir inson qalbida iz qoldirdi. Ushbu og‘ir qayg‘u paytida “Real Massama” futbol klubi Kevin Kastroning oilasi va barcha yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi”, deyiladi klub bayonotida.

“Eshtrela da Amadora” klubi ham Kastroning oilasi va “Real Massama” jamoasiga hamdardlik bildirgan.

Ma’lumot uchun, 25 yoshli Kastro futbolchilik faoliyatini Lissabonning “Sporting” klubida boshlagan. Keyinchalik Angliyaga ko‘chib o‘tgan va “Vest Bromvich”, “Berton Albion”, “Notts Kaunti”, “York Siti” kabi jamoalarda to‘p surgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing