Portugaliya terma jamoasini kim boshqarishi ma’lum bo‘ldi
Sport
−
07 iyul 2954 2 daqiqa
Tajribali mutaxassis Jorje Jezush Portugaliya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlanishi kutilmoqda. Bu haqda “A Bola” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Jezush jamoa AQSHdan Portugaliyaga qaytgach, mamlakat futbol federatsiyasi bilan muzokara o‘tkazadi. Federatsiya 71 yoshli mutaxassisni Portugaliya, Ispaniya va Marokash hamkorlikda mezbonlik qiladigan 2030 yilgi Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish uchun eng munosib nomzod sifatida baholamoqda.
Ma’lumot uchun, Jorje Jezush 2025 yil iyulidan 2026 yil mayiga qadar Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” klubini boshqardi. U jamoani mamlakat chempionligiga olib chiqqanidan so‘ng klubni tark etishini e’lon qildi.
Bundan avval u 2023-2025 yillarda, shuningdek, 2018-2019 yillarda “Al-Hilol”ni boshqargan. Uning qo‘l ostida jamoa uch marta Saudiya Arabistoni Superkubogini, bir marta mamlakat chempionligi va milliy kubokni qo‘lga kiritgan.
Portugaliyalik mutaxassisning eng katta muvaffaqiyatlaridan biri “Benfika” bilan bog‘liq. U klubni uch marta mamlakat chempioni (2010, 2014, 2015), bir marta Portugaliya kubogi (2014) va besh marta mamlakat Superkubogi (2010, 2011, 2012, 2014, 2015) sohibi qilgan.
Jezush faoliyati davomida Braziliyaning “Flamengo”, Turkiyaning “Fenerbahche”, shuningdek, Portugaliyaning “Sporting”, “Braga”, “Belenensesh”, “Moreyrense” va “Vitoriya Gimaraynsh” klublarida ham bosh murabbiy sifatida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ispaniyalik Roberto Martines Jahon chempionati 1/8 finalida Portugaliya Ispaniyaga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqani tark etganidan so‘ng bosh murabbiylik lavozimi ketishini ma’lum qilgan edi.