Portugaliya terma jamoasi murabbiyi ishdan ketdi
Sport
−
07:37 2458 1 daqiqa
Roberto Martines Portugaliya milliy terma jamoasi bosh murabbiyligi lavozimidan iste’foga chiqqanini ma’lum qildi. Bu haqda u Ispaniyaga qarshi Jahon chempionati 1/8 final bahsidan keyingi matbuot anjumanida e’lon qildi.
Portugaliya ushbu uchrashuvda Ispaniyaga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Yagona gol qo‘shimcha vaqtning birinchi daqiqasida o‘tkazib yuborildi va shu tariqa, Portugaliya terma jamoasi musobaqa bilan xayrlashdi.
“Bu siklning oxiri. Endi oldinga harakat qilish muhim. Federatsiya prezidentining milliy terma jamoa bosh murabbiyini tanlash huquqiga ega bo‘lishi tabiiy. Menga bildirilgan barcha qo‘llab-quvvatlash uchun minnatdorman”, dedi Roberto Martines.
52 yoshli mutaxassis Portugaliya terma jamoasiga 2023 yil yanvar oyida bosh murabbiy etib tayinlangan edi. Uning qo‘l ostida jamoa 2024-2025 yilgi UEFA Millatlar ligasi g‘olibiga aylangan. Bundan avval Martines Belgiya milliy terma jamoasi, shuningdek, Angliyaning “Everton”, “Uigan Atletik” va “Suonsi Siti” klublarida ham faoliyat yuritgan.
Ispaniya terma jamoasi esa Jahon chempionati chorak finalida Belgiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Live
Barchasi