Pora bilan ushlangan “Xorazm viloyati elektr tarmoqlari” bosh direktori qamaldi
Jamiyat
−
30 dekabr 2021
13780Joriy yilning yanvar oyi boshida “Xorazm viloyati elektr tarmoqlari” AJ bosh direktori Murodboy Bazarimbetov 15 ming dollar pora bilan qo‘lga tushgani haqida xabar bergan edik. Holat bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqilib, aybdorga hukm o‘qildi.
Sud hukmida qayd etilishicha sudlanuvchilar Murodboy Bazarimbetov va K.B. oldindan jinoiy til biriktirgan. Ular Tuproqqal’a tumani, “Sorimoy” posyolkasida yangidan tashkil qilinayotgan “B.A.M.” MCHJga qarashli avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchasi uchun o‘rnatiladigan transformator punktini 6-10 kvt.lik elektr liniyasiga yaqin tayanchdan ulab berish bo‘yicha murojaat qilganligidan foydalangan. Xususan, K.B. tadbirkorning murojaati natijasini so‘ragan shasxdan ishini ijobiy hal qilib berish evaziga tadbirkordan 15 000 AQSH dollari olib berishini aytgan.
K.B. Xonqa tuman hududida Z.A.dan Nexia-3 rusumli avtomashinasi salonida 15 000 AQSH dollarini Murodboy Bazarimbetovga pora tariqasida olib borib berish uchun olgan vaqtida ushlanib, pora olish jinoyatini sodir qilishda ishtirokchilik qilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan davom ettirilgan tadbir natijasida Bazarimbetov o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda K.B. bilan oldindan jinoiy til biriktirib, Z.A.dan K.B. orqali 15 000 AQSH dollarini tamagirlik yo‘li bilan pora tariqasida olgan vaqtida ushlangan.
Birinchi instansiya sudining hukmiga ko‘ra Murodboy Bazarimbetovga O‘zbekiston Respublikasi JKning 210-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan JKning 45-moddasi qo‘llanib, 3 yil davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlarda moddiy javobgar shaxs hamda mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, JKning 57-moddasi qo‘llanib, 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
K.B.ga JKning 28 va 210-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan JKning 45-moddasi qo‘llanib, 2 yil davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlarda moddiy javobgar shaxs hamda mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, JKning 57-moddasi qo‘llanib, 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Biroq hukm ustidan apellyatsiya instansiyasiga shikoyat qilingach, ish Xorazm viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ko‘rib chiqilgan. Hay’at ish hujjatlari, taraflarning ko‘rsatmasi va boshqa dalillar bilan tanishib chiqib ajrim qilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva shahar sudining 2021 yil 9 iyuldagi B.M. va K.B.ga oid hukmi o‘zgarishsiz, apellyatsiya shikoyatlari qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.
Taraflarga apellyatsiya instansiyasi sudining ajrimi ustidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga kassatsiya tartibida shikoyat, protest bildirilishi tushuntirilgan.
LiveBarchasi