Pomidor festivali: Ispaniyada minglab odamlar “pomidorbo‘ron” o‘ynadi (fotoreportaj)

Olam

image_2026-08-27_11-50-07

Kecha, 26 avgust kuni Ispaniyaning Valensiya hududidagi kichik Bunol shahrida har yili o‘tkaziladigan “La Tomatina” festivali bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi

 

Festival paytida pomidor ortilgan yuk mashinalari shahar ko‘chalaridan o‘tib, ishtirokchilarni pomidorga ko‘mib tashladi. Olomon ham qarshilik ko‘rsatmay, qo‘liga tushgan pomidorlarni bir-biriga qarata uloqtirdi. Ko‘chalarda bayramona musiqa yangradi, bir necha daqiqalarda odamlarning oppoq kiyimlari qizil, pushti rangga kirdi.

Festivalga tayyorgarlik jarayonida shahardagi binolar pomidor sharbatidan himoyalash uchun maxsus yopqichlar bilan o‘rab chiqilgan. Festival bir soatdan ortiq davom etgan. “La Tomatina” an’anaviy ravishda har yili avgust oyining so‘nggi chorshanbasida o‘tkaziladi.

“La Tomatina” an’anasi 1945 yilda yuz bergan tasodifiy oziq-ovqat janjalidan boshlangan. Keyinchalik u har yili o‘tkaziladigan tadbirga aylangan, biroq 1950 yillarda Ispaniya diktatori Fransisko Franko davrida taqiqlangan. 1980 yillarda festivalning televideniyeda keng yoritilishi uni butun Ispaniyada, keyinchalik esa xalqaro miqyosda mashhur bo‘lishiga xizmat qilgan.

Ushbu yil bo‘lib o‘tgan festivalda 20 mingdan ortiq kishi qatnashgan. So‘nggi uch yil davomida festival ishtirokchilarining qariyb 40 foizini Ispaniyadan tashqaridan kelgan sayyohlar tashkil etgan.

Oxirgi yillarda Hindistondan kelayotgan sayyohlar soni sezilarli darajada oshgan. Bunga 2011 yilda suratga olingan “Hayot jo‘shqin” (“Zindagi Na Milegi Dobara”) Bollivud filmi sabab bo‘lgan. Filmda uch do‘st Ispaniya bo‘ylab sayohat qilib, La Tomatina festivalida ishtirok etishgani namoyish etilgan.

Hindistonlik 40 yoshli Mazhar va Sanya Xonlar festivalga film ta’sirida kelgan. Mazhar Xonning aytishicha, “La Tomatina”da qatnashish ularning o‘n yildan ortiq vaqt davomida amalga oshirishni istagan orzusi bo‘lgan.

Festivalga Польша­dan kelgan 32 yoshli Yoanna Vtjishshevska ham tadbir kutilganidan ancha “telbaroq” bo‘lganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, festival filmda ko‘rsatilganidan ham yaxshiroq taassurot qoldirgan.

Xorijiy davlatdan kelgan ishtirokchilar festivalga kirish uchun 15 yevro to‘laydi. Tadbirning asosiy qoidasi esa pomidorlarni uloqtirishdan oldin ezib tashlashdir. Bu odamlarning jarohatlanishining oldini olish uchun belgilangan. Shunga qaramay, ko‘plab ishtirokchilar ko‘zoynak va quloq tiqinlaridan himoya vositasi sifatida foydalanadi.

Bir soatlik pomidor jangi maxsus signal berilishi bilan yakunlangan. Shundan so‘ng ishtirokchilar yaqin atrofdagi umumiy dushlarda pomidor qoldiqlarini yuvib tashlagan, shaharning ko‘chalari esa suv bilan tozalangan.

Qizig‘i shundaki, pomidor dog‘lari kiyimlarda doimiy qolishi mumkin bo‘lsa-da, pomidor tarkibidagi limon kislotasi tozalovchi xususiyatga ega. Shu sababli festivaldan keyin Bunol ko‘chalari ba’zan avvalgidan ham tozaroq holatga keladi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 27 avgust kuni Ispaniyaning Bunol shahrida “La Tomatina” pomidorlar festivali bo‘lib, unda minglab odamlar bir-biriga 120 tonna pomidor otgan edi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing