Polsha va Ukraina xavfsizlik shartnomasini imzoladi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Polsha Bosh vaziri Donald Tusk bugun, 8 iyul kuni Kiyevda ikki davlat o‘rtasida xavfsizlik shartnomasini imzoladi. Bu haqda Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

“Bu hujjat o‘tgan iyul oyida Vilnyusda G7 davlatlari tomonidan qabul qilingan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyaga qo‘shimcha”, deya ta’kidladi yetakchilar Kiyevda.

Bu e’lon qilingan matndan kelib chiqqan holda, 10 yil muddatga mudofaa va xavfsizlik sohasida o‘zaro hamkorlikni nazarda tutadi. Tomonlar, jumladan, mudofaa sanoati sohasida hamkorlikni rivojlantirish, Polsha mudofaa kompaniyalarining ishlab chiqarish quvvatlarini Ukrainada joylashtirish va mudofaa mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni o‘rganishga kelishib oldi.

Zelenskiyning idorasi ta’kidlaganidek, boshqa davlatlar bilan bunday ikki tomonlama hamkorlik birinchi marta Ukraina havo hududida Polsha yo‘nalishida uchirilgan raketa va uchuvchisiz samolyotlarni tutib olish imkoniyatini nazarda tutadi.

“Shartnomaning boshqa bloklari Ukrainaning iqtisodiy yangilanishi va tiklanishi, chegara infratuzilmasi, tranzit salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, siyosiy hamkorlikning turli jihatlariga tegishli”, deydi Ukraina Prezidenti ma’muriyati.

Shuningdek, Kiyev va Varshava Ukraina Qurolli Kuchlari xodimlarini tayyorlash uchun Polsha hududida “Ukraina legioni”ni yaratishga kelishib oldi. Polshada va boshqa mamlakatlarda joylashgan Ukraina fuqarolari ushbu legionga qo‘shilishlari mumkin.

“Biz Polsha bilan xavfsizlik bo‘yicha shartnomamizda Ukraina-Polsha-Litva brigadasining yangi ko‘ngilli harbiy qismini shakllantirish va tayyorlashni belgilab oldik. Biz hozirda Polsha, Litva va Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlarida bo‘lgan Ukraina fuqarolariga ixtiyoriy ravishda Ukraina mudofaasiga qo‘shilish imkoniyatini beramiz”, deya tushuntirdi Vladimir Zelenskiy.

Ukraina Buyuk Britaniya, Germaniya, Islandiya, Daniya, Ispaniya, Shvetsiya, Norvegiya, Portugaliya, Belgiya, Latviya, Finlyandiya, Italiya, Fransiya, Kanada, Yaponiya, Niderlandiya va AQSH bilan ikki tomonlama xavfsizlik shartnomalarini imzolagan.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Pol'sha Vladimir Zelenskiy Donal'd Tusk xavfsizlik shartnomasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing