Polsha chegaradagi transport cheklovlaridan voz kechishi kerak – Lukashenko
Olam
−
11 mart 2023 4364 2 daqiqa
Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Polshani ikki davlat chegarasi orqali yuk mashinalarining harakatlanishiga qo‘yilgan cheklovlardan voz kechishga chaqirdi. Bu haqda mahalliy ONT telekanali xabar berdi.
“Menimcha, amerikaliklar Yevropani shu jirkanch usul bilan yo‘q qilishga urinar ekan, Yevropa, ayniqsa polyaklar, bu yerda baribir chekinishiga to‘g‘ri keladi”, degan Lukashenko Vazirlar kengashi yig‘ilishida.
Lukashenkoning ta’kidlashicha, Belarus bilan chegaradagi nazorat-o‘tkazish punktlari faoliyatini izchil cheklab kelayotgan Polshaning xatti-harakatlari ko‘plab davlatlar, jumladan, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar tomonidan ham qabul qilinmayapti.
“Ular (Polsha rasmiylari) hammasini to‘xtatib qo‘yishdi. Eng qizig‘i shundaki, bundan biz eng kam zarar ko‘rmoqdamiz. Hatto Germaniya ham polshaliklarning Belarus bilan chegaradagi harakatlarini qabul qilmaydi. Bundan esa eng ko‘p sharqda jabr ko‘rmoqda: Xitoy, ayniqsa Qozog‘iston, hatto turklar, Birlashgan Arab Amirliklari. Hamma bunga qarshi chiqdi”, deydi Lukashenko.
Ma’lumot uchun, Polsha-Belarus chegarasida oltita avtomobil nazorati punkti mavjud bo‘lib, ulardan uchtasi 2023 yil fevral oyining boshiga kelib o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Joriy yilning 21 fevralidan esa YeI va Yevropa erkin savdo assotsiatsiyasida ro‘yxatdan o‘tmagan yuk mashinalarining “Kukuriki” nazorat-o‘tkazish punkti orqali harakatlanishi taqiqlangan. Hozirda faqat “Terespol” nazorat-o‘tkazish punkti cheklovlarsiz ishlamoqda va u orqali yo‘lovchi transporti harakati davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston hukumati mazkur cheklov choralari sababli o‘z yuk mashinalarining Litva hududi orqali tranzitini ta’minlash bo‘yicha muzokaralarni boshlagani ma’lum bo‘lgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr