Pokistonda yangi Bosh vazir saylandi. U qasos olmoqchi emas

Olam

image

Bugun, 11 aprel kuni Pokiston musulmon ligasi partiyasi yetakchisi Shahboz Sharif Pokistonning 23-Bosh vaziri etib saylandi. Birlashgan muxolifat yetakchisi va Imron Xonga ishonchsizlik votumi tashkilotchilaridan birining nomzodini 174 nafar deputat qo‘llab-quvvatladi.

Pokiston sobiq Bosh vaziri Navoz Sharifning ukasi, 70 yoshli Shahboz Sharif kecha,10 aprel kuni muxolifat partiyalari tomonidan Bosh vazirlikka nomzod sifatida ko‘rsatilgan edi. Bugun, 11 aprel oqshomida yangi Bosh vazirning qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, Shahboz Sharif Pokistonning eng yirik va nufuzli viloyati — mamlakat aholisining 60 foizi istiqomat qiluvchi Panjobga uch marta rahbarlik qilgan. O‘tgan hafta ushbu lavozimga uning o‘g‘li Hamza saylangan edi.

Yangi Bosh vazir “qasos siyosatini” olib bormaydigan va mamlakatda qonun ustuvorligini tiklaydigan koalitsion hukumat tuzilishini va’da qildi. Shu bilan birga, Shahboz Sharif Hindiston bilan tinchlik tarafdori ekani, ammo bu faqat Kashmir muammosi hal qilinganidan keyin yuz berishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, Pokiston parlamenti mamlakat Bosh vaziri Imron Xonga ishonchsizlik votumi e’lon qilib, uni lavozimidan chetlatgan edi. 

Qayd etish kerak, Imron Xon parlamentdan ishonchsizlik votumini olgan Pokistonning birinchi Bosh vaziri bo‘ldi. 

Pokistondagi siyosiy inqiroz joriy yilning 3 aprel kuni muxolifat 2018 yilda hokimiyat tepasiga kelgan Xonni mamlakatning iqtisodiy ahvolini yaxshilay olmayotganlikda, shuningdek, korrupsiyada ayblab, Bosh vazirga ishonchsizlik votumini e’lon qilishga urinish boshlanganidan so‘ng avj oldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

460

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing