Pokiston va Afg‘oniston vaqtinchalik otashkesimga kelishdi
Olam
−
16 Oktabr 2025 2962 4 daqiqa
Pokiston va Afg‘oniston kecha, 15 oktyabr kuni havo hujumlari va quruqlikdagi to‘qnashuvlar keskinlashganidan so‘ng, Janubiy Osiyodagi bu qo‘shni davlatlar orasidagi taranglik kuchayib, o‘ndan ortiq fuqaro halok bo‘lgani va 100 ga yaqin kishi yaralangandan keyin vaqtincha otashkesim to‘g‘risida kelishib oldi. Bu haqda Pokiston tashqi ishlar vazirligiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
O‘tgan hafta oxirida mojaroli va bahsli chegara hududida sodir bo‘lgan to‘qnashuvlarda o‘nlab odamlarning halok bo‘lishi zaif tinchlikni parchalab tashladi – bu 2021 yilda “Tolibon” Qobulda hokimiyatga kelganidan beri ikki davlat o‘rtasidagi eng dahshatli to‘qnashuv hisoblanadi.
Ilgaridan bir-biriga do‘st bo‘lgan bu davlatlar orasidagi so‘nggi keskinlik Pokistonning Afg‘onistondagi “Tolibon” ma’muriyatidan Pokistonga hujumlarni kuchaytirgan jangari guruhlarni tiyishni talab qilganidan keyin boshlandi. Pokistonga ko‘ra, bu guruhlar Afg‘oniston hududidagi xavfsiz panohgohlardan foydalanmoqda.
“Tolibon” esa bu ayblovlarni rad etmoqda va Pokiston armiyasini Afg‘oniston haqida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatishda, chegarada taranglik keltirib chiqarishda va mamlakat barqarorligi hamda suverenitetini izdan chiqarish maqsadida ISHID bilan bog‘liq jangarilarga panoh beryotganlikda ayblamoqda. Pokiston armiyasi esa bu da’volarni inkor etadi.
Otashkesim davrida inqirozni yumshatish maqsadi
Pokiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, ikki mamlakat 15 oktyabr kuni soat 13:00 dan boshlab 48 soatlik “vaqtincha otashkesim”ni amalga oshiradi. Bayonotga ko‘ra, ushbu otashkesim Qobulning so‘roviga binoan joriy etilgan.
Afg‘onistondagi “Tolibon” ma’muriyatining so‘zlovchisi Zabihulla Mujohid esa otashkesim “Pokiston tomonining qat’iy talabiga” ko‘ra amalga oshirilayotganini bildirdi. Uning aytishicha, Qobul o‘z kuchlariga otashkesimga rioya qilishni buyurgan, biroq bu faqat qarshi tomon hujum qilmagan taqdirdagina amal qiladi.
15 oktyabr kuni ertalab Pokiston Afg‘onistonning Qandahor viloyatida havo hujumi uyushtirib, Spin Boldak shahrini nishonga olgani ikki davlat rasmiylari tomonidan tasdiqlandi. Pokiston xavfsizlik rasmiylariga ko‘ra, bu havo hujumi “Tolibon” qo‘shinlarining bir brigadasiga qaratilgan bo‘lib, o‘nlab odamlar halok bo‘lgani aytilgan, ammo bu da’vo mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.
Afg‘oniston mudofaa vazirligi so‘zlovchisi Inoyatulloh Xovarazmiyning ta’kidlashicha, Spin Boldakning aholi yashaydigan hududlari zarbaga uchragan. Rasmiylarga ko‘ra, Pokiston Qobulda ham yana bir havo hujumi amalga oshirgan. Biroq Qobuldagi zarba nimani nishonga olgani aniq emas.
Qobuldagi urush qurbonlari uchun mo‘ljallangan EMERGENCY jarrohlik markazi 40 nafar jabrlanuvchini qabul qilganini, shu jumladan, 5 nafar marhum borligini ma’lum qildi.
“Bizga yaralanganlar bilan to‘lgan tez yordam mashinalari kela boshladi va shunda gospitalimizdan bir necha kilometr narida portlashlar bo‘lganini bildik”, dedi EMERGENCY tashkilotining Afg‘oniston bo‘yicha boshqaruvchisi Deyan Panich.
Quruqlikdagi hujumlar bo‘yicha ayblovlar
Har ikki tomon ham bir-birini quruqlikdagi hujumlarni boshlaganlikda aybladi.
Afg‘onistondagi “Tolibon” ma’muriyatining ma’lum qilishicha, Pokiston kuchlari Spin Boldakka hujum qilganida ularning o‘ndan ortiq fuqarosi halok bo‘lgan va 100 nafar kishi yaralangan.
Pokiston esa bu hujumlarni amalga oshirganini inkor etdi va chegaraning narigi tomonidagi Spin Boldakka tutash Chaman tumanida “Tolibon kuchlari” tomonidan qilingan hujumlarda to‘rt nafar pokistonlik fuqaro yaralanganini bildirdi.
Qo‘shni mamlakatlar dam olish kunlari boshlangan to‘qnashuvlardan beri chegara bo‘ylab joylashgan bir necha o‘tish nuqtalarini yopib qo‘ygan. Bu esa savdo tarmog‘ini to‘xtatib, yuklarga to‘la bo‘lgan yuzlab mashinalarni chegarada to‘xtab qolishiga sababchi bo‘lgan.
Pokiston quruqlikda joylashgan Afg‘oniston uchun asosiy oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar manbalaridan biri hisoblanadi.
Xitoy, Rossiya va AQSH to‘qnashuvlardan tashvish bildirdi
O‘tgan haftadagi to‘qnashuvlar xalqaro xavotir uyg‘otdi. Xitoy o‘z fuqarolari va investitsiyalarini himoya qilishga chaqirdi, Rossiya esa tomonlarni sabr-toqatga chorladi. AQSH Prezidenti Donald Tramp esa mojaroni tugatishga yordam berishga tayyorligini bildirdi.
So‘nggi to‘qnashuvlar “Tolibon” muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiy Pokistonning asosiy raqibi hisoblangan Hindistonga ilk tashrif buyurgan paytga to‘g‘ri keldi. Tashrif davomida Hindiston Qobuldagi elchixonasini qayta ochishi, “Tolibon” esa o‘z diplomatlarini Nyu-Dehliga yuborishi ma’lum bo‘ldi.
Live
Barchasi