Pokiston qo‘shinlarini chegaraga ko‘chirmoqda
Olam
−
10 may 4580 3 daqiqa
Pokiston qo‘shinlarini Hindiston bilan chegaraga yaqinlashtirmoqda, bu esa keskinlikni yanada kuchaytirish maqsadidagi hujum niyatidan dalolat beradi. Bu haqda Hindiston harbiy-havo kuchlari qanot qo‘mondoni Vomika Singh “The Times of India” nashriga ma’lum qildi.
Singhning aytishicha, Hindiston qurolli kuchlari yuqori jangovar shay holatda qolmoqda va har qanday dushmanona harakatlarga mos ravishda javob berilgan. Shu bilan birga, qo‘mondon rasmiy Nyu-Dehli vaziyatni yumshatishga intilayotganini va Islomoboddan ham shunday yondashuv kutayotganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, 10 mayga o‘tar kechasi Pokiston Hindistonni o‘z hududidagi uchta harbiy-havo bazasiga raketa zarbasi berganlikda ayblab, javoban “Banyan-ul-Marsus” nomli katta harbiy operatsiyani boshlab yubordi. Pokiston rasmiylari uni “mudofaa xarakteridagi javob chorasi” deb ta’rifladi. Bu operatsiya doirasida Pokiston armiyasi bir necha hind bazalari, aerodromlar va hattoki BrahMos gipertovushli raketalar omboriga hujum qilganini ma’lum qildi.
Pokiston rejalashtirish va taraqqiyot vaziri Ahsan Iqbolga ko‘ra, Islomobod tinch aholiga zarba bermaslik uchun maxsus choralar ko‘rgan. Shuningdek, u ikki yadroviy davlat o‘rtasidagi bu qarama-qarshilik yadroviy to‘siq buzilishiga olib kelmasligiga umid bildirgan.
Hind harbiy-havo kuchlari vakillari Pokiston tomonidan Udxampur, Bhuj, Pathankot va Bhatinda bazalariga zarba berilganini tasdiqlagan. Polkovnik Sofiya Kureyshi ma’lumotiga ko‘ra, bu zarbalar dronlar, uzoq masofali qurollar, snaryadlar va yuqori tezlikdagi raketalar yordamida amalga oshirilgan.
Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi vaziyatning keskinlashuvi
22 aprel kuni Hindistonning Kashmir hududida qurollangan shaxslar sayyohlar guruhiga o‘q uzdi. Oqibatda 20 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Voqea sodir bo‘lgan Pahalgam shahri mashhur sayyohlik maskani hisoblanadi. U Hindiston va Pokiston da’vo qilayotgan bahsli hududda joylashgan.
Hindiston hukumati Kashmirdagi teraktdan keyin o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilishda Pokistonga nisbatan keng ko‘lamli diplomatik va viza blokadasi joriy etishga qaror qildi. Yig‘ilish yakunida Hindiston 1960 yilda tuzilgan Hind daryosi bo‘yicha suv bitimini to‘xtatishga qaror qildi. Bundan tashqari, Pokiston bilan yagona rasmiy quruqlikdagi chegara punkti – Attari yopildi. Pokiston fuqarolariga vizasiz kirish dasturi to‘xtatildi va ikki davlatdagi diplomatik xodimlar soni qisqartirildi.
Shundan so‘ng Pokiston hukumati Hindistonning suv oqimini to‘xtatish yoki burib yuborishga urinishi harakatini “urush harakati” sifatida baholashini bildirdi. Keyinchalik Pokiston Mudofaa vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda Hindistonga qarshi urushga tayyorligini bildirib, bir qator bayonotlar va videolar e’lon qildi.
30 aprel kuni Pokiston Axborot vaziri ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida Hindiston ularni 24-36 soat ichida hujum qilishni rejalashtirayotgani haqida ishonchli razvedka ma’lumotlari borligini aytdi. Hindiston bu bayonotga izoh bermadi. Shu bilan birga, OAV Pokiston Hindiston bilan chegarada 6 bor o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganini xabar qildi.
7 mayga o‘tar kechasi tunda Hindiston Pokistonga raketa zarbasi yo‘lladi. Islomobod buni urush harakati deb atab, javob zarbalari berdi. Mojaroning keskinlashuviga BMT, AQSH, Xitoy, Qirg‘iziston va Isroil munosabat bildirdi. O‘zbekiston ham Hindiston va Pokistonni vazminlikka chaqirdi.
8 may kuni ikki mamlakat harbiy-havo kuchlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan havo jangida jami 125 ta harbiy samolyot bir soatdan ortiq vaqt davomida jang qildi va bu aviatsiya tarixidagi eng yirik va eng uzoq davom etgan havo janglaridan biri bo‘ldi.