Pokiston Afg‘onistonga javoban 10 ta nuqtaga zarba berdi

Olam

image

Pokiston Afg‘oniston hududidan uchirilgan dronlar hujumiga javoban Afg‘onistondagi 10 ta nuqtaga zarba berganini ma’lum qildi. Bu haqda bugun, 24 sentyabr kuni Pokiston axborot vaziri Ataulla Tarar o‘zining X’dagi sahifasida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, kecha, 23 sentyabr kuni Afg‘oniston hududidan Pokistonga dronlar uchirilgan. Pokiston havo mudofaasi tizimlari barcha dronlarni aniqlagan, kuzatgan va ular belgilangan nishonlarga yetib borishidan oldin yo‘q qilgan. Shu tariqa hujumning oldi olingan.

Shundan so‘ng Pokiston o‘zini himoya qilish huquqidan foydalanib, Afg‘oniston hududidagi dronlarni uchirish va saqlash uchun ishlatilgan 10 ta nuqtaga havodan va dronlar orqali aniq zarbalar bergan.

Pokiston tomoni zarbalar qasddan, aniq va cheklangan bo‘lganini, ular faqat mamlakatga uyushtirilgan hujum bilan bevosita bog‘liq harbiy ob’ektlarga qaratilganini ta’kidlagan.

Bayonotda Afg‘oniston hududidan terrorchi guruhlar yoki Tolibon hukumati tomonidan amalga oshiriladigan hujumlarga yo‘l qo‘yilmasligi qayd etilgan. Pokiston o‘z suverenitetining har qanday buzilishiga zudlik bilan va qat’iy javob berishini bildirgan.

Shuningdek, Pokiston Afg‘oniston Tolibon hukumatini Pokistonga qarshi barcha dushmanona harakatlarni darhol to‘xtatishga hamda Afg‘oniston hududida faoliyat yuritayotgan terrorchi guruhlarga qarshi samarali, aniq va tekshirilishi mumkin bo‘lgan choralarni ko‘rishga chaqirgan.

Pokiston vaziyatning yanada keskinlashishini istamasligini, mintaqada tinchlik, muloqot va konstruktiv hamkorlik tarafdori ekanini bildirgan. Shu bilan birga, mamlakat o‘z suvereniteti, hududiy yaxlitligi va fuqarolari hayotini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonning shimoli-sharqidagi Kunar viloyatiga Pokiston tomonidan amalga oshirilgan havo hujumi oqibatida kamida 3 kishi halok bo‘ldi, yana bir necha kishi yaralangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing