Pogonini yulib otgan va buni ojizaga ag‘dargan IIB xodimi ishdan haydalmadi
Jamiyat
−
08 dekabr 2022
10712Samarqandda pogonini o‘zi yulib, ayol kishini qasddan ayblashga uringan IIB xodimiga nisbatan xizmat tekshiruvi yakunlandi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, Bosh prokuratura IIB xodimining xatti-harakatlarida hech qanday jinoyat alomati yo‘q, degan xulosaga kelgan.
“Tergov harakatlari davomida tuman IIB xodimlarining harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmagan”, deyiladi Bosh prokuraturaning QALAMPIR.UZ’ga taqdim etgan ma’lumotida.
Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi ma’naviy-ma’rifiy ishlar, kadrlar bilan bilan ishlash departamenti bosh inspektori Navro‘z Nabiyev voqea tafsilotlari bilan bo‘lishar ekan, voqea Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani prokuraturasi binosida 2021 yil 15 iyul kuni sodir bo‘lganini qo‘shimcha qildi.
“Jinoyat ishi doirasida ayblanuvchi Shosimov majburiy tartibda tuman prokuraturasi binosiga olib kelingan. O‘sha kuni ayblanuvchining singlisi va qizi prokuraturaga kelib, prokuratura xodimlarini haqorat qilgan. Shu sababli voqea joyiga Qo‘shrabot tumani IIB xodimlari chaqirtirilgan. Profilaktika inspektori, katta leytenant Rajabov, leytenant Boboqulov hamda leytenant Sharipov prokuraturaga yetib kelganida esa ayollar ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, ularni haqorat qilgan, Rajabovga tegishli bo‘lgan avtomobilning oynalarini sindirib, eshiklarini pachaqlagan”, deydi inspektor Navro‘z Nabiyev.
Bosh prokuratura ma’lumotlarga ko‘ra, ish yuzasidan J.Shosimovaga nisbatan JKning 140-moddasi 3-qismi “a” bandi va 219-moddasi 1-qismi bilan ayb e’lon qilinib, “tilxat” ehtiyot chorasi tanlanib, jinoyat ishi JPKning 388-moddasi tartibida MIB Ishtixon sudiga yuborilgan.
“JIB Ishtixon tuman sudining 04.03.2022 yilgi hukmi bilan J.Shosimova 140-moddasi 3-qismi “a” bandi (jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda haqorat qilish) va 219-moddasi 1-qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan aybli deb topilib, unga nisbatan 1 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan”, deyiladi prokuratura xabarida.
Bundan tashqari, IIV Departamenti bosh inspektori Navro‘z Nabiyev pogonini o‘z qo‘li bilan yulib tashlagan va buni ayol kishining bo‘yniga qo‘ymoqchi bo‘lgan, bu ishning uddasidan chiqa olgan katta leytenant Rajabov hozirgi kunda o‘z xizmat faoliyatini davom ettirayotganini qo‘shimcha qildi.
LiveBarchasi