Pit Hegset Maduroning qanday qo‘lga olinganini aytib berdi (video)

Olam

image

AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset Maduroni qo‘lga olish va hibsga olish bo‘yicha operatsiyaning yangi tafsilotlarini ochib berdi. U bu operatsiyani “mukammal rejalashtirilgan” deb ta’rifladi. Bu haqda u Virjiniya shtati Nyuport Nyus shahridagi USS John F. Kennedy aviatsiya tashuvchi kemasining dengizchilariga qilgan murojaatida aytib o‘tgan. 

Hegsetning so‘zlariga ko‘ra, Maduro “tungi ko‘rish ko‘zoynaklarini taqqan ajoyib amerikaliklar” bilan uchrashgan va ular kelayotganini faqat uch daqiqa oldin bilgan. Pentagon rahbari, shuningdek, Venesuela yetakchisining rafiqasi ushbu operatsiyani samolyot ovoziga o‘xshatganini aytib berdi. 

“Aslida, uning rafiqasi shunday dedi: “Menimcha tashqaridan samolyot ovozini eshityapman”. Ular hech narsani bilishmadi. Bilasizmi, nega? Chunki bu zanjirdagi har bir bo‘g‘in o‘z vazifasini mukammal bajardi.”, deydi Urush vaziri. 

Hegsetning aytishicha, taxminan 200 nafar amerikalik harbiy shanba kuni kechasi Maduro yashaydigan uyga qilinadigan reydda ishtirok etgan. F-jetlar va bombardimonchilar Venesuela havo mudofaasini zarba berib tozalagan, shundan so‘ng Delta Force nomli maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan harbiylar guruhi binoga yaqinlashgan. 

Prezident Donald Tramp Air Force One samolyotida harbiy operatsiya haqida jurnalistlarga shunday dedi: 

“Ular vertolyotdan tushishdi va shu zahoti otishma boshlandi. Bilsangiz, vertolyotlardan biri jiddiy zarba oldi, lekin biz hamma narsani qaytarib oldik”.

Qo‘shma Shtatlar rasmiylariga ko‘ra, bir necha amerikalik askarlar ushbu operatsiya davomida jarohat olgan. Venesuelaliklardan esa bir necha kishi halok bo‘lgan, shuningdek, Maduroning xavfsizlik xizmatidagi 32 nafar kubalik fuqarolar ham vafot etgan. 

AQSH kuchlari kompleksga kirganidan keyin, Maduro xavfsiz xonaga yetib borishidan oldin ushlangan, deya xabar berilgan. Operatsiya bir necha oy davomida Maduroning uyi nusxasi bilan mashq qilingan va turli ssenariylarga tayyorlangan. 

Bosh shtab raisi General Den Keynning aytishicha, operatsiya takrorlash va zaxira tizimiga asoslangan: 

“Biz o‘ylaymiz, ishlab chiqamiz, mashq qilamiz, tayyorlaymiz, yana mashq qilamiz va yana mashq qilamiz. Maqsad – to‘g‘ri qilish emas, balki xato qilish imkonini yo‘q qilishdir.” 

AQSH rasmiylarining ma’lum qilishicha, MRB xodimlari avgust oyidan beri Maduro harakatlarini kuzatib kelgan, jumladan uning ichki doirasiga kirgan agent orqali muhim razvedka ma’lumotlarini olgan. Shu bilan birga, Venesuela qirg‘oqlarida katta AQSH harbiy kontingenti joylashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp operatsiya Maduro Pit Hegset

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing