PFL Superliga-2022 qur’asi mexanizmi haqida bayonot berdi
Sport
−
11 fevral 2022
3460Bugun, 11 fevral kuni Superliganing yangi mavsumiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi. Unda jamoalar Berger tizimi asosida o‘z raqiblarini bilib oladi. O‘zbekiston Professional ligasi chempionatning joriy mavsumdagi qur’asi mexanizmi haqida maxsus bayonot berdi.
"Biz 2021 yil davomida Superliga klublarini stadion yoritish tizimini yaxshilashga chaqirib keldik. Xususan, o‘tgan mavsum yozning uch oyida “Qo‘qon-1912”, “Surxon”, “Mash’al” va “Andijon” jamoalari uy uchrashuvlarini boshqa stadionda o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi. Endilikda “Surxon” stadioni talab darajasiga kelguniga qadar klub o‘z uy uchrashuvlarini Samarqanddagi “Dinamo” stadionida o‘tkazadi. “Qo‘qon-1912” esa Yaypandagi “O‘zbekiston” stadionida raqiblarini qabul qiladi.
“Neftchi” va “Olimpik” jamoalari stadionida ta’mirlash ishlari olib borilayotgani tufayli, ular mavsum startida uy o‘yinlarini boshqa arenalarda o‘tkazadi. “Neftchi” Yaypandagi “O‘zbekiston” stadionidan, “Olimpik” Toshkentdagi “Paxtakor” stadionidan foydalanib turadi.
Qur’a avvalida uy o‘yinlarini bir stadionda o‘tkazadigan klublar o‘zaro juftliklarga ajratib olinadi. Shu orqali bir tur doirasida mazkur jamoalarning biri safarda, ikkinchisi esa uyda o‘ynashi ta’minlanadi. Demak, qur’a avvalida quyidagi uch juftlik alohida ajratib olinadi: “Paxtakor” va “Olimpik”, “Dinamo” va “Surxon”, “Neftchi” va “Qo‘qon-1912”, deyiladi bayonotda.
Qur’ada sharchalarni tortish aynan yuqorida ta’kidlangan jamoalardan boshlanadi. Bergerga ko‘ra, quyidagi raqamlar o‘zaro juft hisoblanadi:
1 va 8;
2 va 9;
3 va 10;
4 va 11;
5 va 12;
6 va 13;
7 va 14.
Ma’lumot uchun, agar juftlikka ajratib olingan jamoalarga 4 yoki 11 raqamlaridan biri tushsa, ushbu ikki klub 1-turdayoq to‘qnash keladi. Qolgan kombinatsiyalarda bunday holat kuzatilmaydi.
Shaxboz Qahhorov
LiveBarchasi