Peterburgda beton boshpanalar o‘rnatila boshlandi
Olam
−
14:08 2642 2 daqiqa
Ukraina Qurolli kuchlarining Rossiya neft-gaz infratuzilmasiga hujumlari tez-tez takrorlanayotgan bir paytda Sankt-Peterburgning Kronshtadt tumanida beton boshpanalar o‘rnatila boshlandi. Bu haqda tuman ma’muriyatiga tayanib, “The Moscow Times” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, bunday inshootlar to‘rtta manzilda paydo bo‘ladi: Yakor maydonida (Dengiz Nikolskiy sobori yaqinida), Kronshtadt shossesidagi 16-mikrorayonda joylashgan jamoat maskanida, Zosimov ko‘chasidagi “Inchxon” xiyoboni yonida, shuningdek, Litke ko‘chasi va Kronshtadt shossesi chorrahasidagi avtobus bekati yaqinida. Ma’muriyat boshpanalar “Xavfsiz shahar” videokuzatuv tizimi qamrovidagi hududlarga joylashtirilishini qayd etib, aholidan “chiqindi tashlamaslikni va ob’ektlardan maqsadli foydalanishni” so‘ragan.
“Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, dron hujumi paytida asosiy yuk ko‘taruvchi devorlarga ega bo‘lgan bino ichida qolish va derazalardan uzoqroq turish tavsiya etiladi. Agar dronlar hujumi vaqtida ko‘chada bo‘lsangiz, zudlik bilan eng yaqin xavfsiz binodan boshpana topishingiz kerak”, deyiladi tuman ma’muriyati bayonotida.
Bundan avval Ukraina dronlari Peterburg va Leningrad viloyatidagi energetika ob’ektlariga bir necha bor hujum qilgan edi. Xususan, 3 iyunga o‘tar kechasi uyushtirilgan hujum oqibatida Kirov tumanidagi “Peterburg neft terminali”da yong‘in chiqqan edi. O‘shanda portlash ovozlari shaharning Admiralteyskiy, Vasileostrovskiy, Primorskiy va Krasnoselskiy tumanlarida eshitilgan. May oyining boshida esa dron hujumidan so‘ng Rossiyadagi eng yirik zavodlardan biri – “Kirishinefteorgsintez” neftni qayta ishlash zavodi mahsulot ishlab chiqarishni butunlay to‘xtatgan.
Ushbu voqealar fonida joriy yilning 18 iyun kuni Moskvaga urush boshlanganidan beri eng yirik dronlar hujumi uyushtirildi: shahar meri Sergey Sobyaninning so‘zlariga ko‘ra, poytaxtga yaqinlashish jarayonida 200 ga yaqin uchuvchisiz uchish apparati urib tushirilgan, asosiy zarba esa Kapotnyadagi Moskva neftni qayta ishlash zavodiga to‘g‘ri kelgan. Ertasi kuni ham poytaxtga hujumlar davom etdi.
Live
Barchasi