Peskov Zelenskiyning Putinga yo‘llagan maktubiga munosabat bildirdi
Olam
−
05 iyun 9754 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Vladimir Putin bilan shaxsiy uchrashuv o‘tkazish taklifi bildirilgan ochiq xatiga munosabat bildirdi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
Uning aytishicha, Zelenskiy istalgan vaqtda Moskvaga kelishi mumkin.
“Zelenskiy istalgan payt Moskvaga kelishi mumkin. Prezident Putin aytganidek, agar Zelenskiy gaplashmoqchi bo‘lsa, Moskvaga kelib, buni amalga oshirishi mumkin”, degan Peskov.
Shuningdek, u Putin hozircha mazkur xat bilan tanishib chiqmaganini ma’lum qilgan. Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Kremlda murojaat o‘qilgan, ammo xat e’lon qilingan vaqtda Putin boshqa tadbirda ishtirok etayotgani sababli uni ko‘rishga ulgurmagan.
“Ha, biz xatni ko‘rdik. U (Zelenskiy) uni Prezident ishtirok etayotgan tadbir vaqtida e’lon qildi. Prezident hozircha u bilan tanishish imkoniga ega bo‘lmadi. Men esa o‘qib chiqdim. Bu haqda Putinga ma’lumot beriladi”, degan Peskov.
Avvalroq, Zelenskiy ochiq xatida frontning butun chizig‘i bo‘ylab o‘t ochishni to‘xtatish, shuningdek, Putin bilan neytral hududda shaxsiy uchrashuv o‘tkazishni taklif qilgan edi.
Ukraina rahbari maktubida Moskvada ham, Kiyevda ham uchrashuv o‘tkazishni maqbul deb hisoblamasligini bildirgan.
“Ukraina rahbariga sizning poytaxtingizda, Rossiya rahbariga esa Kiyevda qilar ish yo‘q”, deb yozgan Zelenskiy.
Bundan tashqari, u harbiy asirlarni “hammani hammaga” tamoyili asosida almashish, olib ketilgan fuqarolar va bolalarni qaytarish tashabbusini ilgari surgan.
Zelenskiy, shuningdek, Rossiya jamiyati urushdan charchaganini ta’kidlab, mamlakatda benzin taqchilligi va narxlar o‘sishi kabi iqtisodiy muammolar mavjudligini qayd etgan.
Live
Barchasi