Peskov Pashinyanning KXSHT haqidagi gaplariga javob qaytardi
Olam
−
18:30 763 2 daqiqa
Agar Armaniston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga (KXSHT) a’zolikka boshqa ehtiyoj sezmayotgan bo‘lsa, u tashkilotni tark etish to‘g‘risida qaror qabul qilish mumkin. Bu haqda bugun, 24 avgust kuni Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qildi.
“Ochig‘ini aytganda, “chiqarib yuborishsa xursand bo‘lardi” degan gap nimani anglatishini tushunishga qiynalyapman. Agar Yerevan mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlovchi bunday muhim tashkilotga a’zolikka boshqa ehtiyoj sezmayotgan bo‘lsa, tegishli qaror qabul qilish va ushbu tashkilotni tark etishda erkin. Shu vaqtgacha biz Armaniston tomoni vakillaridan turli darajada a’zolik muzlatilgani, ammo Armaniston tashkilotdan chiqishni rejalashtirmayotgani haqidagi bayonotlarni eshitib kelayotgan edik”, deydi Peskov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan agar KXSHT mamlakatni o‘z tarkibidan chiqarib yuborsa, bundan faqat xursand bo‘lishini aytgan edi. Bosh vazirning ta’kidlashicha, bu mamlakatni tashkilotdan chiqish yoki chiqmaslik borasidagi ikkilanishdan xalos etgan bo‘lardi. U har qanday holatda ham Armaniston yaqin besh yil ichida tashkilotga qaytishni rejalashtirmayotganini ham aytib o‘tgan.
Armaniston 2024 yilning fevralida KXSHTdagi a’zoligini muzlatib qo‘ygan edi. Nikol Pashinyan “zarurat tug‘ilganda” tashkilotdan chiqishni istisno etmagan. Iyun oyida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov KXSHT Armanistonga nisbatan “tashkilot ustavining tegishli moddasini” qo‘llash masalasini ko‘rib chiqishni va’da qilgan edi. Ustavga ko‘ra, mamlakat KXSHTda ovoz berish huquqidan mahrum etilishi yoki tashkilotdan chiqarib yuborilishi mumkin.
Live
Barchasi