Peskov DXR va LXR hududi bo‘yicha savolga aniq javob berolmadi

Olam

image

Rasmiy Moskva Ukraina sharqida rossiyaparast separatistlar tomonidan tashkil etilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini ular o‘zlarini e’lon qilgan chegaralar doirasida tan oladi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarning savollariga javob berish davomida ma’lum qildi.

Dastlab jurnalistlar Peskovdan Rossiya DXR va LXRni qaysi chegaralar bo‘yicha tan olganini so‘raganda, Kreml vakili aniq javob berolmagan. Bir mazmundagi savol 8 marta takrorlangach, Putinning matbuot kotibi shunday javob bilan qutuldi:

“Ular o‘zlarini mustaqil deb e’lon qilgan chegaralar ichida”.

Kreml vakili qaysi vaqtda mustaqil deb e’lon qilingan DXR va LXR chegaralarini nazarda tutilgani haqidagi savolga javoban: “Bu ikki respublika qachon e’lon qilingan bo‘lsa. Shunda”, degan mujmal javobni bergan.

Qayd etilishicha, Peskov ushbu mavzu bo‘yicha boshqa tafsilotlarga to‘xtalib o‘tmagan, qo‘shimcha qiladigan narsasi yo‘qligini aytgan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arbning DXR va LXRning tan olinishiga munosabatini bashorat qilish hamda e’tiborsiz qoldirish mumkin. 

Aytish joizki, o‘z-o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk xalq respublikasi Ukrainaning Donetsk viloyatining janubi-sharqiy qismida, Lugansk xalq respublikasi esa Lugansk viloyatining janubiy qismida tashkil topgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Keyinroq Putin Tashqi ishlar vazirligiga DXR va LXR bilan diplomatik aloqalar o‘rnatish, Mudofaa vazirligiga esa o‘z hududlarida tinchlik saqlanishini ta’minlash bo‘yicha topshiriq berdi. Prezident farmonlaridan birining matnida ta’kidlanishicha, harbiy idoraga do‘stlik,  hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi shartnoma tuzilgunga qadar "Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari tomonidan Donetsk Xalq Respublikasi hududida tinchlikparvarlik funksiyalarini amalga oshirish” topshirilgan.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH Prezidenti Jo Bayden ayrim shaxslarning mulkini bloklash va ayrim operatsiyalarni taqiqlovchi farmon qabul qildi. Hujjat DXR va LXRga sarmoya kiritishni, shuningdek, ushbu mintaqalardan har qanday tovarlar, xizmatlar yoki texnologiyalarni Qo‘shma Shtatlarga import qilishni taqiqlaydi.

Bundan tashqari, ushbu farmon o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarda harakat qilishga qaror qilgan har qanday shaxsga nisbatan jazo choralarini qo‘llash imkonini beradi.

Qo‘shma Shtatlarda joylashgan yoki keyinchalik AQSHga kiradigan, DXR va LXR bilan bog‘liq shaxslarga tegishli bo‘lgan barcha mulk va mulkdagi ulushlar bloklanadi.

AQSH bugun, 22 fevral kuni Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini tan olgani uchun Rossiyaga nisbatan cheklov choralarini joriy qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

108

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing