Peshlavhalar uchun ortiqcha talablar bekor qilinishi mumkin

Jamiyat

image

Tashqi reklamani joylashtirish tartibi tadbirkorlar foydasiga qayta ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, qo‘mita tomonidan tashqi axborot vositalarini tizimli tartibga solish, tashqi yozuvlarni o‘rnatish va ulardan foydalanishni nazorat qilish hamda joylashtirish tartibini nazarda tutuvchi “Tashqi yozuvlarni tartibga solish to‘g‘risida”gi nizomni tasdiqlash haqidagi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi tayyorlangan.

Qayd etilishicha, mazkur hujjat bilan amaliyotda turli kelishmovchilikni keltirib chiqarayotgan va qonunchilikdagi bo‘shliq hisoblangan ayrim jarayonlarga va tushunchalarga aniqlik kiritilmoqda.

Xususan, “tashqi axborot vositasi, “tashqi yozuv”, axborot ko‘rsatkichi”, “peshlavha”, “e’lon”, “ma’lumotlar taxtasi” kabi tushunchalarga aniq tarif berilmoqda.

Bunda, “tashqi axborot vositasi” va “tashqi yozuvlar” tashqi muhitga qaratilgan hamda tijorat maqsadi ko‘zlanmagan axborot, ya’ni reklama tusiga ega bo‘lmagan vositalar hisoblanib, tashqi axborot vositalarini ularga reklama yoki tijorat tusiga ega bo‘lgan axborot yoki tasvirni joylashtirish orqali o‘rnatishga va foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, peshlavhalar – savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlarida faoliyati tasnifi (tashkilot nomi, ixtisoslashuvi) to‘g‘risidagi ma’lumot hisoblanib (misol uchun: dorixona, sartaroshxona, AYOQSH, milliy taomlar, supermarket, shifoxona, oziq-ovqat, qurilish va xo‘jalik mollari do‘koni), bunday peshlavhalar tashqi reklama ob’ekti hisoblanmaydi va reklama joyining pasportini olish shart emas.

Ya’ni, muayyan tadbirkorlik sub’ekti egallab turgan binoning tashqi tomonida binoga kirish joyida o‘zi va faoliyat turi (ixtisosligi) to‘g‘risida joylashtirilgan yoki mazkur tadbirkorning mahsuloti haqida shu bino vitrinasidagi axborot (peshlavha) reklama hisoblanmaydi va buning uchun tegishli ruxsat etish xususiyatidagi hujjatlarni olish hamda to‘lovlarni amalga oshirish talab etilmaydi.

Ma’lumot uchun, reklama ob’ektiga e’tiborni jalb qilish, unga bo‘lgan qiziqishni shakllantirish yoki qo‘llab-quvvatlash, shuningdek uni bozorda bevosita yoki bilvosita foyda (daromad) olish maqsadida ilgari surish uchun mo‘ljallangan maxsus axborot – reklama hisoblanadi.

Qo‘mita o‘z navbatida, reklama mazmunining, ya’ni kontentni reklama qonunchiligi talablariga mosligi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.

“Raqobat qo‘mitasi mamlakatimizdagi barcha yuridik shaxslar(tadbirkorlik sub’ektlari)ni, ish yurituvchi kompaniyalar va tashkilotlarni, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari hamda keng jamoatchilik vakillarini mazkur loyiha muhokamasida faol ishtirok etishga chorlaydi. Sizdan kelib tushgan har bir taklif o‘rganilib, loyihani yanada takomillashtirishga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.

Loyiha muhokamasi joriy yilning 25 apreldan boshlangan, 10 mayga qadar davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 5 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish hamda tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan muammoli masalalarni hal etish yuzasidan taqdimotda O‘zbekistonda tadbirkorlik sub’ektining nomi va faoliyat turi to‘g‘risida binoga joylashtirilgan axborot uchun tegishli pasportlarni rasmiylashtirish bekor qilinishi haqida aytilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Peshlavha Tashqi reklama

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing