Pentagon rahbari prostata saratoniga chalingani ma’lum bo‘ldi
Olam
−
10 yanvar
43362023 yil dekabr oyida mutaxassislar AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostinga prostata saratoni tashxisini qo‘yib, unda jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi. Yanvar oyi boshida esa Pentagon rahbari operatsiya asoratlari tufayli shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda Merilend shtatidagi Uolter Rid tibbiyot markazi bayonotida aytiladi.
Hujjatga ko‘ra, 2023 yil dekabr oyining boshlarida o‘tkazilgan navbatdagi tekshiruv vaqtida Ostinga “davolanishni talab qiluvchi prostata saratoni” tashxisi qo‘yilgan. Shu munosabat bilan, 22 dekabr kuni unda “minimal invaziv” jarrohlik operatsiyasi o‘tkazilgan (prostatektomiya).
“Ushbu muolaja paytida u umumiy behushlik ostida edi. Uning kasalligi erta aniqlangan va shuning uchun ham prognoz juda yaxshi”, deyiladi hujjatda.
Mutaxassislarning xabar berishicha, 2024 yil 1 yanvarda vazir Ostin dekabrdagi protseduradan keyingi asoratlar, jumladan qorin, son va oyoqlardagi kuchli og‘riqlar va bosh aylanishi tufayli Uolter Rid tibbiyot markaziga yotqizilgan.
“Dastlabki tekshiruvda siydik yo‘llari infeksiyasi aniqlandi”, deyiladi markaz xabarida.
2 yanvar kuni bemor reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Ostin tuzalmoqda va ular vazirning “to‘liq sog‘ayib ketishini” kutmoqda. Markazning aniqlik kiritishicha, bu uzoq jarayon bo‘lishi mumkin.
Shifokorlarning ishontirishicha, yanvar oyida shifoxonaga yotqizilganidan beri vazir “hech qachon hushini yo‘qotmagan yoki umumiy behushlik ostida bo‘lmagan”.
AQSH harbiylari matbuot kotibi Patrik Rayderning 8 yanvar kuni ma’lum qilishicha, Pentagon o‘z rahbarining shifoxonaga yotqizilgani haqida o‘z vaqtida xabar bermagani uchun Ostin iste’foga chiqish niyatida emas. Rayderning ta’kidlashicha, vazir “o‘z majburiyatlarini bajarishga e’tiborini qaratishda davom etadi”. O‘sha kuni Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi AQSH Prezidenti Jo Bayden Ostinni ishdan bo‘shatishni rejalashtirmayotganini, biroq ma’muriyat Mudofaa vazirligi Ostin shifoxonaga yotqizilgani haqida o‘z vaqtida xabar bermagani sababli tekshiruv o‘tkazishini aytdi. Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Perning ta’kidlashicha, Prezident Ostinga “to‘liq ishonadi”.
Qayd etish joizki, Qo‘shma Shtatlarda jamoatchilik yuqori lavozimli siyosatchilarning sog‘lig‘i haqida to‘liq ma’lumot olishi odat tusiga kirgan. Pentagon rahbari bilan yuzaga kelgan vaziyat esa muxolifatdagi respublikachilarning keskin tanqidiga sabab bo‘ldi. Bir qator siyosatchilar Mudofaa vaziri iste’fosini talab qilmoqda. Ular Rossiyaning Ukrainadagi urushi va Yaqin Sharqdagi keskin vaziyat davrida Pentagonni kim boshqarayotganiga hayron bo‘ldi.
AQSH Kongressi a’zolari Ostindan Pentagon nega uning shifoxonaga yotqizilgani haqida jamoatchilik va rasmiylarni zudlik bilan xabardor qilmaganini tushuntirishni talab qilgan. “Politico” gazetasining aniqlik kiritishicha, Mudofaa vazirligi Ostinning qayerda ekani haqidagi ma’lumotni uch kun davomida Oq uydan sir saqlagan.
Ma’lumot uchun, Lloyd Ostin 2021 yilda vakolat muddati boshlanganidan beri Bayden jamoasi a’zosi. U Pentagonga rahbarlik qilgan birinchi afro-amerikalik bo‘ldi. 2016 yilgacha AQSHning amaldagi Mudofaa vaziri Yaqin Sharqda joylashgan AQSH kuchlari qo‘mondoni bo‘lgan. Bu lavozimda u AQSHning Iroq, Suriya va Afg‘onistondagi missiyalari uchun mas’ul edi. AQSH armiyasidagi 40 yildan ortiq faoliyatining boshida Ostin Germaniyada xizmat qilgan.
LiveBarchasi