Pensiyaning minimal miqdori 621 ming so‘mdan oz bo‘lmasligi belgilandi
Jamiyat
−
19 mart
9587O‘zbekistonda pensiyaning eng kam miqdori eng kam iste’mol xarajatlari darajasidan (2024 yilda 621 ming so‘m) oz bo‘lmasligi belgilandi. Tegishli qonun 18 mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolandi.
Prezident tomonidan imzolangan mazkur qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, pensionerga hisoblangan, lekin uning tomonidan talab qilib olinmagan pensiya summasini to‘lash muddati 12 oydan 24 oygacha uzaytirildi.
Shuningdek, fuqarolarga pensiya tayinlash uchun davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali murojaat qilish huquqi berildi.
Bundan tashqari, qonunda pensiyalar miqdorlarini yil davomida tovarlar va xizmatlarning iste’mol narxlari indeksi darajasining o‘sish sur’atlarini inobatga olgan holda oshirib borish tartibi aniqlashtirildi.
Shu bilan birga, “Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunga fuqaroda davlat pensiya ta’minoti huquqi yuzaga kelgani to‘g‘risida Pensiya jamg‘armasi tomonidan Xalq bankiga axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladigan ma’lumotlar fuqaroning pensiya to‘lovlarini olishi uchun asos bo‘lishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.
“Ijara to‘g‘risida”gi qonunga esa ijarachining nogiron bo‘lib qolgani ijara shartnomasini tugatish uchun asos bo‘lishini bekor qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.
Eslatib o‘tamiz, inflyatsiya darajasidan kelib chiqib, 2024 yil uchun hisoblangan MIX (minimal iste’mol xarajatlari) qiymati 621 ming so‘mni tashkil etgandi.
LiveBarchasi