Pensiya va nafaqa: ularning farqini bilasizmi?

Bu qiziq

image
Taniqli shoir Azim Suyun vafot etdi north_east

Taniqli shoir Azim Suyun vafot etdi

Koronavirus 101 ta davlatga kirib bordi north_east

Koronavirus 101 ta davlatga kirib bordi

Juda ko‘pchilik pensiya va nafaqa tushunchalari bir ma’noli deb hisoblaydi ya’ni pensiya nafaqa so‘zining ruschasi deb xato o‘ylashadi (aslida, nafaqa rus tiliga “posobiye” deb tarjima qilinadi). Ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda ham foydalanuvchilar pensioner va nafaqaxo‘r tushunchalarini sinonim sifatida noo‘rin ishlatishadi.

Xo‘sh, bu ikki tushunchaning farqi nimada?

O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra, yetarlicha ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolar va ularning oilalari pensiya olish huquqiga ega. Ushbu Qonun bilan davlat pensiyalarining quyidagi turlari belgilanadi:


1.    yoshga doir pensiya.
2.    nogironlik pensiyasi.
3.    boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi.

Yoshga doir pensiya olish huquqiga:

•    erkaklar — 60 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda;
•    ayollar — 55 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda ega bo‘ladilar.

Nogironlik pensiyalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilgan isnonlarga tayinlanadi. Mehnatda mayiblanganda yoki kasb kasalligiga uchraganda beriladigan nogironlik pensiyalari ish stajidan qat’i nazar, tayinlanadi.

Vafot etgan boquvchining qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz oila a’zolari boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi olish huquqiga ega bo‘ladi. Pensiya yoshiga yetib, zaruriy ish stajiga ega bo‘lmagan taqdirda, lekin kamida 7 yillik ish staji mavjud bo‘lsa, bor stajiga mutanosib ravishda to‘liqsiz miqdorda yoshga doir pensiya tayinlanadi.

Ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolar va ularning oilalari ushbu Qonunga binoan davlat pensiyalari olish huquqiga ega emaslar. Ularning ijtimoiy ta’minoti O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 7 apreldagi 107-son qarori bilan tasdiqlangan “Pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga ega bo‘lmagan qariyalarga va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizom bilan tartibga solinadi.

Mazkur Nizom bo‘yicha nafaqalarning huddi pensiya kabi 3 turi bor:


1.    yoshga doir nafaqa.
2.    nogironlik nafaqasi (bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslardan tashqari).
3.    boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi tayinlanadi.

Yoshga doir nafaqa erkaklarga — 65 yoshga yetganlarida; ayollarga — 60 yoshga yetganlarida; bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor onalarga — 55 yoshga yetganlarida tayinlanadi.

Haq to‘lanadigan ish bajarayotgan yoki boshqa daromad manbaiga ega bo‘lgan (alimentlar yoki stipendiyalar olish bundan mustasno) shaxslarga yoshga doir nafaqa tayinlanmaydi. Ish stajiga ega bo‘lmagan shaxsga (bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor onalardan tashqari) yoshga doir nafaqa mehnatga layoqatli voyaga yetgan farzandlari, qarindoshlari yoki O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga muvofiq ularni ta’minlashga majbur bo‘lgan boshqa shaxslar bo‘lmagan taqdirda tayinlanadi.

Nogironlik nafaqasi nogironlik sodir bo‘lgan hollarda, yoshidan qat’i nazar, ish stajiga ega bo‘lmagan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga tayinlanadi va to‘lanadi. Ishlayotgan yoki hayot kechirishning boshqa manbalariga (alimentlar yoki stipendiyalar olish bundan mustasno) ega bo‘lgan I va II guruh nnogironligi bo‘lgan shaxslarga nafaqa tayinlanmaydi.

“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bo‘yicha davlat pensiyasi olish huquqiga ega bo‘lmagan shaxsning qaramog‘ida bo‘lgan oilaning mehnatga layoqatli bo‘lmagan a’zolari boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi olish huquqiga egadirlar.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi “Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 44-son qarori fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa, bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibini belgilaydi. Shuningdek, ishsizlik nafaqasi, ishdan bo‘shatish nafaqasi kabi nafaqa turlari ham mavjud. 

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, ma’lum ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolarga pensiya tayinlanadi hamda yetarlicha ish stajiga ega bo‘lmagan qariyalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga, shuningdek, kam ta’minlangan oilalarga, ishsizsizlarga, shuningdek, mehnat shartnomasi bekor qilingan ayrim holatlarda va xodimning sog‘lig‘iga shikast yetkazilganligi yoki uning vafoti munosabati bilan nafaqalar beriladi.

Muhammadamin Karimjonov
Toshkent davlat yuridik universiteti
Mehnat huquqi kafedrasi o‘qituvchisi


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

372

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing