Pekin AQSH bilan yangi savdo bitimini tasdiqladi
Olam
−
27 iyun 2753 2 daqiqa
Qo‘shma Shtatlar savdo muzokaralari davomida erishilgan kelishuvlarga muvofiq Xitoyga nisbatan bir qator cheklovlarni olib tashlashga rozi bo‘ldi. Bu haqda Xitoy Savdo vazirligi xabar berdi.
Aniqlik kiritilishicha, bu qaror ikki davlat o‘rtasida Jeneva va Londonda o‘tkazilgan savdo-iqtisodiy maslahatlashuvlar yakunlari bo‘yicha qabul qilingan va tomonlar yaqinda kelishuv doirasi tafsilotlarini qo‘shimcha ravishda kelishib olgan.
“Xitoy nazorat ostidagi tovarlar uchun muvofiq eksport arizalarini qonuniy ravishda tasdiqlaydi va Qo‘shma Shtatlar Xitoyga nisbatan ko‘rilgan bir qator cheklovchi choralarni bekor qiladi”, deyiladi departament bayonotida.
Vazirlik, shuningdek, 5 iyun kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp va Xitoy rahbari Si Szinpin o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon suhbatini esga oldi, uning davomida davlat rahbarlari yangi savdo kelishuvini tuzish zarurati bo‘yicha “muhim konsensus”ga erishdilar. Pekin tomonlar erishilgan kelishuvlar doirasidagi hamkorlikni mustahkamlashda davom etishini kutmoqda.
25 iyun kuni Trampning o‘zi Xitoy bilan yangi savdo bitimini e’lon qildi. U, shuningdek, Hindiston AQSH bilan shartnoma imzolaydigan navbatdagi davlat bo‘lishi mumkinligini aytdi. Shu bilan birga, Vashington hamma bilan kelishuvga erishmoqchi emas.
“Biz ulardan ba’zilariga maktub jo‘natib, katta rahmat, 20, 25, 45 foizlik tariflarni to‘laysizlar, deb aytmoqchimiz”, degan Prezident.
2 aprel kuni Tramp Amerika iqtisodiyoti uchun “ozodlik kuni” deb e’lon qildi va 180 dan ortiq mamlakatlar, jumladan, Qo‘shma Shtatlarning eng yaqin hamkorlari mahsulotlariga “o‘zaro” bojlar joriy qildi, biroq keyinroq ularga muhlat berdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10-11 may kunlari Xitoy va AQSH Jenevada yuqori darajadagi muzokaralar o‘tkazgandi va mazkur muzokaralar chog‘ida tomonlar savdo hamda iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatlashuvlar uchun maxsus mexanizm yaratishga kelishib olgandi.
Marjona Murodova
Live
Barchasi