Payshanbadan payshanbagacha! IIV Prezident topshirig‘ini unutdi
Tahlil
−
22 avgust 2019
20952“Islohotlar albatta eskicha yashash, eskicha ishlashga o‘rganib qolgan ayrim mansabdorlarga yoqmaydi. Buniyam ochiq aytishimiz kerak. Chunki o‘zgarish, yangilanish ularning tinchi va oromini, huzur-halovatini buzadi. Lekin hayot davom etar ekan, hayot talabi bo‘lgan islohotlar ham izchil davom etishi muqarrar. Bu haqiqatni va talabni barcha darajadagi rahbarlar chuqur anglab olishlari zarur”,
Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Bundan buyog‘iga eskicha ishlab bo‘lmaydi
Adoqsiz hisobotlar, uzundan-uzun bayonnomalar, ochilishi juda mushkuldek tuyulgan jinoyatlar. Bu yaqin-yaqingacha O‘zbekiston Ichki ishlar vaziriligi tizimida ishlayotgan har bir xodimning duch kelish lozim bo‘lgan holat edi. Ajablanarlisi o‘z xizmat xonasidan turib, mahallada sodir bo‘lgan kichik bir o‘g‘irlikning yechimini izlab, oylarni, yillarni o‘tkazgan inspektorlar uzoq tariximizda emas, bundan atiga 2-3 yil oldin ham bor edi. Jinoyat va huquqbuzarliklarni yashirish, ularni tergovga qadar cho‘zmaslik, imi-jimida bosdi-bosdi qilish sizu biz haligacha militsiya deb ataydiganlarning asosiy vazifasiga aylangan edi. Ularning sovet zamonidan meros qolgan o‘zgarmas fikrlash doirasi tizimga qimmatga tushayotgan edi.
Esingizda bo‘lsa, 2016 yilning 14 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning inauguratsiyasi o‘tkazildi. Ko‘p o‘tmay Davlat rahbari 2017 yilning 9 fevralida ichki ishlar organlari faoliyati, tizimda mavjud muammo va kamchiliklar, istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazgan edi.
Keskin tanqidiy ruhda kechgan videoselektorda Prezident tizimdagi kamchiliklar haqida to‘xtalar ekan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatidan umuman qoniqmayotganini bildirib, ichki ishlar organlari zamon talablariga nechog‘li javob bera olayotganiga e’tibor qaratdi. Inson manfaatlari bilan bog‘liq masalalarni kechiktirmasdan hal qilish ishni eski “qolip”lar asosida tashkil qilish, o‘z burchini elga xizmat tamoyiliga asoslanib emas, balki shaxsiy manfaatlardan kelib chiqqan holda bajarish kabi amaliyotlar davom etayotganini kuyunchaklik bilan gapirdi.
Payshanba profilaktika kuni
Shu kuni Davlat rahbarining taklifiga binoan O‘zbekistonda haftaning har payshanba kuni jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika kuni deb e’lon qilindi. Ya’ni har payshanba kuni hududlar prokurorlari va ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari mahalliy telekanallarda chiqishlar qilib, sodir etilgan jinoyatlar, ularning kelib chiqish sabablari, oldini olish bo‘yicha tadbirlar va profilaktikasi haqida axborot berishini yo‘lga qo‘yish haqida topshiriq bergandi.
Yig‘ilish o‘tdi. Endi Prezident topshiriqlarini bajarish, asosiysi mamlakatda jinoyatchilikni keskin kamaytirish, xalq bilan ishlashda yangicha yondashuvlarni qo‘llash vaqti soati kelgandi. Axir yillar davomida xalqdan uzoqlashgan, qachonki mahallada katta yig‘in bo‘lsa, ko‘rinish beradigan inspektorlarning dunyo qarashini o‘zgartirish, jinoiy ishlarning sonini yashirishga barham berish vaqti kelgandi...
Xo‘sh, vazifalar uddalandimi? Prezident topshiriqlarining ijrosi bo‘yicha ichki ishlar organlarida nimalar qilindi? O‘zbekistonda jinoyatlar soni kamayishiga erishildimi? Savollar bisyor. Biz esa ularga javob topishga harakat qildik.
Darhaqiqat, Mirziyoyev o‘tkazgan selektordan so‘ng ichki ishlar organlarida o‘zgarishlar boshlandi. Xususan ilgari barcha xodimlarning 60 foizi shahar va tuman boshqarmalarida, 40 foizi joylarda faoliyat yuritgan bo‘lsa, ularning 65 foizi aholiga yaqin ishlash uchun mahallalarga yo‘naltirildi. Yana bir amaliyot joriy etildiki, bunisi yillar davomida jinoyatlar sonini ommadan yashirish o‘rniga jamoatchilikka yetkazish bo‘ldi.
Bir so‘z bilan aytganda, hafta davomida olib borilgan profilaktik ishlarning hisoboti bilan aholini tanishtirish maqsadida ommaviy axborot vositalari bilan ishlashga e’tibor qaratildi. Har bir o‘tkazilgan reydlar, o‘g‘irligu talonchlik, qo‘yingchi, vakolatidagi amaliyotlar borasida ommaviy axborot vositalariga ma’lumot berishni Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi boshlab berdi. Poytaxt IIBB telegram ijtimoiy tarmog‘ida rasmiy kanalini ishga tushirdi. Albatta poytaxtning osoyishtaligini ta’minlash o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Toshkent shahar IIBB tomonidan o‘tkaziladigan brifinglarda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev (hozirda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari) hamda Azizxon Umarxonov, Toshkent shahar prokuraturasi katta prokurori Erkin Yo‘ldoshevlar (hozirda O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari) hafta davomida olib borilgan profilaktik tadbirlar to‘g‘risida bayonot berardi.
Brifinglarda ishtirok etgan aksar jurnalistlar ichki ishlar tizimining islohotlar yo‘lidan jadal borayotganini e’tirof eta boshladi. Katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan Borovskiy kollejining o‘quvchisi Jasurbek Ibrohimovning o‘limi bilan bog‘liq tafsilotlar, 4 yashar qizchasini kaltaklagan ota, 8 yashar qizni zo‘rlamoqchi bo‘lgan toshkentlik pedofil haqidagi ma’lumotlar xalqdan yashirilmadi, muhokama qilindi.
Qolaversa, Andijon, Samarqand, Toshkent viloyatlari ichki ishlar boshqarmalari ham poytaxtdagi hamkasblaridan o‘rnak oldi. Brifinglarda ichki ishlar tizimidagi qo‘riqlash, yong‘inga qarshi kurashish, fuqarolik va migratsiyani rasmiylashtirish, yo‘l patrul, patrul post xizmatlari, qo‘yingchi, hamma shay turardi.
Yaxshi sharoitda yaxshi ishlash kerak
Davlat rahbari jarayonlarni kuzatib borar ekan, tizimda faoliyat ko‘rsatayotganlar uchun sharoit yaratib berishni ham unutib qo‘ymadi. Jumladan 2017 yilning 10 aprelida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni, ko‘p o‘tmay Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlari xodimlarining turar joy sharoitlarini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu esa o‘z navbatida bir qator imtiyozlarni taqdim etdi.
Birinchidan, tizimdagi barcha xodimlar uchun – turli toifadagi turar joylarga 25 foiz miqdoridagi dastlabki badal bilan kamida 10 yil muddatga, qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorining 2 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorda yoki shartnomaviy stavkada kredit liniyalari mablag‘laridan ajratish ko‘zda tutildi.
Ikkinchidan, qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi va shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturlari doirasida barpo etiladigan kvartiralarga, IIV tomonidan boshlang‘ich badalning 25 foizini xodimga foizsiz qarz sifatida o‘tkazish bilan qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorining 2 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorda, shuningdek davlat tomonidan kredit bo‘yicha ½ni to‘lash bilan kamida 10 yilga berilishi belgilandi.
Uchinchidan, ichki ishlar organlari patrul post va yo‘l patrul xizmatlarining jamoat tartibini muhofaza qilishda o‘rnak ko‘rsatgan xodimlariga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yengil avtotransport vositalarini sotib olish uchun imtiyozli kredit berish tartibi joriy etildi. Kreditlar 10 yilgacha muddatga, sotib olinadigan avtotransport vositasi qiymatining 15 foizi miqdorini dastlabki badal sifatida to‘lagan holda, foiz stavkasi kredit berish sanasida Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi miqdorida (14 foiz) hisoblangan holda beriladigan bo‘ldi.
Bu imtiyozlardan tashqari Prezident mamlakatda jinoyatchiliklarni oldini olish maqsadida har bir hududda faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar uchun xizmat uylarini qurish buyicha topshiriq berdi.
G‘alvirni suvdan ko‘taradigan palla
Prezident 2018 yilning 27 iyulida jinoyatchilikning oldini olish, davlat idoralari va jamiyatning bu boradagi mas’uliyatini oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi. Bir qarashda ichki ishlar tizimida amalga oshirilgan o‘zgarishlardan so‘ng Davlat rahbarining munosabati qanday ekanini o‘sha kungi yig‘ilishda qatnashganlarning anglab yetishi qiyin kechmadi. Prezident huquqbuzarliklar va ularni sodir etishga moyil shaxslar hisobini yuritish masalasiga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek. navbatchilik qismlarining eskicha uslubda ish yuritayotgani jinoyat haqidagi xabarlarning ba’zan e’tiborsiz qolishiga yoki hisobdan yashirilishiga sabab bo‘layotgani qayd etildi. O‘g‘rilik, firibgarlik va bosqinchilik bilan bog‘liq jinoyatlarni tahlil qilar ekan, profilaktika, jinoyat-qidiruv va qo‘riqlash xizmatlari faoliyatining mutlaqo qoniqarsiz tashkil etilganini tanqid qildi.
Davlat rahbarining tanqididan shuni anglash mumkinki, tizimda haliyam eskicha fikrlaydigan, uzundan-uzun hisobotlar orqali ish yuritib, majlisbozliklar uyushtiradiganlar, rahbarlarga yaxshi ko‘rinish uchun jinoyatlar sonini yashirib ko‘rsatadiganlar bor ekan.
Shu kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Ichki ishlar xodimlarining muomala madaniyati, ular o‘rtasida mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish holatlari uchrab turganini muhokama qilib, shaxsiy tarkibni tarbiyalash va kadrlarni rotatsiya qilish, ichki ishlar organlarining tahliliy-huquqiy va prognozlash faoliyatini takomillashtirish zarurligi ta’kidladi.
Nafsilambirini aytganda, Davlat rahbari tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash maqsadida Farmonu qarorlar chiqarib turgan bir sharoitda ularning ijrosiga mas’ul bo‘lgan vazirlik har qanday sharoitda ham jinoyatchilikning oldini olishi, tish-tirnog‘i bilan kurashishi lozim.
2018 yilning 9 avgustga o‘tar kechasi Toshkent shahrining Yunusobod tumani hududida joylashgan “Aurum 898” tungi klubida erkin kurash bo‘yicha professional sportchi Jamshid Kenjayev va klub qo‘riqchilari o‘rtasida kelib chiqqan pichoqbozlikning yakuni sportchining o‘limiga olib keldi. Shunga o‘xshash holat yana bir sportchi Murod Xonto‘rayev bilan takrorlandi. Yaxshiki, sportchi tirik qoldi. Pichoqbozlik jinoyatning yangi turi emas, pichoq yordamida jinoyatga qo‘l urish juda qadimdan beri bor. Ammo, pichoq bilan jinoyat sodir etish holatlari keyingi yillarda ancha ko‘paydi. Bundan tashqari bolta bilan hujum qildi, o‘zganing mashinasini olib qochdi kabi mavzular ijtimoiy tarmoqlar, axborot saytlarida urchiyapti. Balki, ilgari ham bo‘lgandir, bu kabi jinoyatlar faqat o‘sha vaqtda yashirilgandir? Biroq Davlat rahbari jinoyatlarni qog‘ozda emas, amalda sonini kamaytirish haqida bir necha bor kuyinib gapirgandi. Shuncha rag‘bat, e’tibor berilayotgan bir paytda bunday og‘ir jinoyatlarning ko‘payishiga aslida kim sababchi? Profilaktika inspektorlariga o‘zi ishlayotgan hududdan yashash uchun uylar ajratilyapti, qurilyapti shunga yarasha natija ham bo‘lishi kerak-ku.
OAVga e’tiborsizlik yohud Sayfutdinovaga hos sovuqqonlik
Jurnalistlarni juda sinchkov bo‘ladi deyishadi. Bu gapda jon bor negaki, aynan mana shu sinchkovlik tufayli bu kasb hayot. E’tibor bergan bo‘lsangiz, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining OAV bilan ishlash prinsipi butunlay o‘zgardi. Hatto, poytaxt shahar IIBBda ham brifinglar o‘tkazish an’anasi unutildi. Matbuot anjumanlari orqali ko‘pchilikning og‘ziga tushgan Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev hozir Ichki ishlar vaziriga o‘rinbosar bo‘lib ishlayapti. Balki, shuning uchun poytaxt IIBB brifinglar o‘tkazib, jurnalistlarni o‘ziga chorlamayaptimikan yoki Toshkent shahrida jinoyatlar soni keskin kamayishiga erishildimi? Unday bo‘lsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Aksi bo‘lsa-chi?
Shu yilning 20 iyulida poytaxtning Qo‘yliq dehqon bozori hududidagi avtoturargohda ham aynan pichoqbozlik oqibatida yoshgina yigitning hayotiga nuqta qo‘yildi. Biroq bu haqda rasmiy ma’lumot berilmadi. Qotil-ku, qamoqdan qaytar, lekin, qurbon qaytmaydi. Mazkur jinoyat ishi bilan bog‘liq tafsilotlarni o‘rganishga harakat qilgan QALAMPIR.UZ Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Axborot multimedia markazi rahbari Irina Sayfutdinovaga murojaat qildi. Oradan uch haftaga yaqin vaqt o‘tdi, biroq Sayfutdinovadan bu borada javob ololmadik. Ochiqlik va shaffoflik ta’minlanayotgan bugungi zamonda poytaxt IIBBning vakolatli vakilining munosabati juda taajubli.
Qoraqalpog‘istondagi “Jasliq” qamoqhonasi shu yilning 2 avgust kunidagi Prezident Shavkat Mirziyoyevning qaroriga muvofiq tugatildi. Yaqinda shu munosabat O‘zbekiston Axborot va ommmaviy kommmunikatsiyalar agentligida brifing o‘tkazildi. Unda ishtirok etgan QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinova ham boshqa hamkasblari qatori savollariga to‘liq javob ololmadi. Muxbirimizning “1999 yilda Toshkentda terrorchilik harakatlarini sodir etgan shaxslardan “Jasliq”da hozir ham jazoni o‘tayotganlar bormi?” degan savoli ochiq qoldi. O‘sha kuni nafaqat QALAMPIR.UZ muxbiri shu bilan birga boshqa OAV xodimlari ham vazirlik o‘tkazgan brifingdan ko‘ngli to‘lmaganini aytdi.
Bitta jinoyatni yoki yopilayotgan qamoqxonaning “sirlari”ni yashirish, berilgan savollardan burilib o‘tish, soat millaridek aniq ishlashi shart bo‘lgan ichki ishlar tizimiga yarasharmikan?
Ichki ishlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga katta vakolatlar bilan birga imtiyozlar ham berdi. Bu imtiyozlar afsuski, hammagayam berilayotgani yo‘q. Yangicha fikrlash va oshkoralik zamoniga kelganiga oz emas, ko‘p emas uch yil bo‘lyapti. Biz bo‘lsa, kabinetda o‘tirib, o‘g‘irlangan velosiped haqida soatlab o‘ylamasdan, yeng shimarib, oldinda turgan muammolarni hal etishni, valyuta hisobiga kirib kelayotgan qog‘ozlarni tejash, OAV bilan yaqin munosabatda bo‘lishga o‘rganmas ekanmiz, jinoyatchiliklar soni kamayishi emas ko‘payishi kuzatilaveradi. Yetar, bugun har qanday bahonayu zamonni ayblash ortiqcha. Zero, vijdonan bajarilgan har bir ish yurt ravnaqi yo‘lidagi bir qadamdir.
Darvoqe, bugun payshanba! Ammo buni na vazirlik, va na boshqarmalar xotirladi, xotirlatdi. QALAMPIR esa unutmaydi, unuttirmaydi.
LiveBarchasi