Pashinyan olomon orasida. Armanistonda nimalar bo‘lyapti? (Video)

Olam

image

Avvalroq, Armaniston armiyasi mamlakat Bosh vaziri Nikol Pashinyanning iste’fosini talab qilgani haqida xabar bergan edik. Bunga Armaniston Qurolli Kuchlari Bosh shtabining rahbarlaridan biri vazifasidan ozod etilgani sabab bo‘lgan.

Ushbu voqealarning davomi o‘laroq bugun, 25 fevral kuni Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘z tarafdorlarining Yerevan markaziy ko‘chalari bo‘ylab yurishini boshladi. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.

Nashrga ko‘ra, Bosh vazir o‘g‘li, qizi va ayoli bilan birgalikda shahar markazi hamda muxolifat mitingi rejalashtirilgan Ozodlik maydonidan o‘tgan. Vaqti-vaqti bilan Pashinyan tarafdorlari va muxolifat o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgan.

Bu vaqtda esa Armaniston muxolifati poytaxt Yerevanning markazidagi Ozodlik maydonida miting uyushtirishga chaqirmoqda.

“Biz o‘z xalqimizni, vatanini qutqarishdan manfaatdor bo‘lganlarni Armaniston armiyasi hamda qurolli kuchlarimizni qo‘llab-quvvatlash va xoin Pashinyan hukumatini ag‘darish uchun Ozodlik maydonida yig‘ilishga chaqiramiz”, deyiladi ”Vatanni qutqarish harakati” bayonotida.

Pashinyan shuningdek, Bosh shtabi boshlig‘i Onik Gasparyanni ham lavozimidan ozod qilish haqida qaror chiqardi. Onik Gasparyan Vazirlar Mahkamasi rahbarini o‘z xalqiga qarshi kuch ishlatmaslikka chaqirib, Pashinyanni ogohlantirgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda qayta avj olgan Tog‘li Qorabog‘ nizosida Armaniston Ozarbayjondan mag‘lubiyatga uchradi. Bu esa o‘z navbatida Armanistonda siyosiy muvozanatning buzilishiga olib keldi. Shundan so‘ng mamlakat poytaxti bo‘ylab bir necha bor namoyishlar bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot o‘rnida, 2020 yilning 9 noyabr kuni Rossiya va Ozarbayjon Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev hamda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzoladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

227

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing