Pashinyan Moskvaga boradi, lekin G‘alaba paradida qatnashmaydi

Olam

image

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan har yili Moskvadagi G‘alaba paradiga bormasligi kerak, deb hisoblashini bildirdi. Bu haqda u bugun, 7 may kuni matbuot anjumanida so‘z ochdi.

“O‘tgan yili men 9 may tadbirlarida qatnashdim va buni har yili qilishim kerak, deb o‘ylamayman. Armaniston yetakchilaridan birortasining har yili G‘alaba paradida qatnashish amaliyoti esimda yo‘q”, deydi u.

Shunga qaramasdan, Armaniston Bosh vaziri ertaga, 8 may kuni Rossiyaga borishini, u yerda Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida ishtirok etishini va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazish rejalashtirilganini aytdi.

“Ertaga YeOII Oliy iqtisodiy kengashi yig‘ilishiga raislik qilish uchun Moskvaga boraman, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazaman”, deydi Pashinyan.

Shuningdek, Pashinyan Rossiya telekanallari Armanistonning ichki hayotiga hurmatsizlik qilsa, ularning ko‘rsatuvi taqiqlanishini aytdi.

“Imzolangan kelishuvlarga asoslanib, biz Rossiya kanallaridan Armaniston va uning manfaatlarini hurmat qilishni so‘raymiz. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlardan kelib chiqib, biz ko‘p marta so‘rashga, keyin bir necha bor talab qilishga tayyormiz. Va agar yettinchi martadan keyin bizning talabimiz e’tiborga olinmasa, unda bu kanallarning barchasi o‘chirilishi va Armanistonda efirga uzatilishi to‘xtatilishi kerak”, degan Bosh vazir.

Bundan tashqari, Pashinyan mamlakat xavfsizlik doktrinasini o‘zgartirish kerakligini va bu jarayon allaqachon ishchi darajada boshlanganini aytdi.

“Armaniston atrofida xavfsizlik kafolatlari tizimi ishlamayotganligi sababli, men milliy xavfsizlik doktrinamizni qayta ko‘rib chiqishimiz kerak, deb hisoblayman”, degan Armaniston hukumati rahbari.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Kreml matbuot xizmati Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 79 yilligi munosabati bilan Moskvada o‘tkaziladigan harbiy paradning faxriy mehmonlari – Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston yetakchisi Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Kuba Prezidenti Migel Dias-Kanel Bermudes, Laos Prezidenti Tongloun Sisulit, Gvineya-Bisau Respublikasi Prezidenti Sisoku Embalo bo‘lishi kutilayotganini xabar qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Moskva Nikol Pashinyan Armaniston G'alaba paradi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing