Pashinyan qanday shartlarda Erdo‘g‘an bilan uchrashishini aytdi
Olam
−
25 dekabr 2021
4529Arman-turk muloqoti bo‘yicha maxsus vakillar muvaffaqiyatli muzokaralar o‘tkazilsa, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashadi.
“Erdo‘g‘an bilan uchrashish fikri yo‘q, lekin agar [Armaniston maxsus elchisi] Ruben Rubinyan va uning turkiyalik hamkasbi o‘rtasidagi muzokara jarayoni muvaffaqiyatli kechsa va jarayon shu paytgacha rivojlanib borsa, albatta, yuqori darajadagi uchrashuvlar o‘tkazilishi kerak. Ya’ni uchrashuv muvaffaqiyatli bo‘lsa, albatta, Erdo‘g‘an bilan uchrashuvim bo‘ladi”, degan u o‘zining Facebook sahifasidagi jonli efirda.
Pashinyanga ko‘ra, Rubinyan arman-turk masalalari bo‘yicha asosiy muzokarachi, biroq u yolg‘iz qaror qabul qila olmaydi. “Butun siyosiy jamoa javobgardir”, degan Bosh vazir.
Joriy yilning 20 dekabr kuni Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lu Anqaradagi matbuot anjumanida Turkiya va Armanistonning ikki davlat munosabatlarini normallashtirish bo‘yicha maxsus vakillari yaqin kelajakda uchrashuv o‘tkazishi mumkinligini aytdi. Anqara maxsus vakil lavozimiga Turkiyaning AQSHdagi sobiq elchisi Serdar Qilichni, Yerevan esa parlament raisi o‘rinbosari Ruben Rubinyanni tayinladi.
Kattagina umumiy chegaraga qaramay, Armaniston va Turkiya o‘rtasida diplomatik aloqalar mavjud emas. 2009 yilda Syurixda ikki davlat Tashqi ishlar vazirlari diplomatik munosabatlar o‘rnatish va munosabatlar tamoyillari to‘g‘risidagi protokollarni imzolagan, biroq bu hujjatlar tomonlar tomonidan ratifikatsiya qilinmagan. 2018 yil 1 mart kuni Armaniston protokollar bekor qilinganini bildirgan.