Pashinyan Bakuni Tog‘li Qorabog‘da gumanitar inqiroz yaratishda aybladi

Olam

image

Ozarbayjon Lochin yo‘lagini to‘sib, gaz ta’minotini to‘xtatdi, bu esa Tog‘li Qorabog‘da gumanitar inqirozga sabab bo‘ldi. Bu haqda bugun, 15 dekabr kungi hukumat yig‘ilishida Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ma’lum qildi. 

“So‘nggi kunlarda Tog‘li Qorabog‘da gumanitar vaziyat nihoyatda og‘irlashdi. Ozarbayjon avvaliga Lochin yo‘lagini to‘sib qo‘ydi, keyin Tog‘li Qorabog‘ni tabiiy gaz bilan ta’minlovchi gaz quvurini yopdi. Ushbu provokatsion harakatlar natijasida Tog‘li Qorabog‘ aholisi erkin harakatlanish huquqidan mahrum bo‘ldi, minglab odamlar, jumladan bolalar qishning sovuq sharoitida yo‘llarda qolib ketdi, ko‘plab oilalar beixtiyor ajralib ketdi, sog‘lig‘ida muammolar bor fuqarolar dori-darmonlardan mahrum bo‘ldi, 120 ming kishi aslida garovga olindi, maktablar va bolalar bog‘chalari ishlamay qolishga majbur bo‘ldi. Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat insonparvarlik inqirozi”, deydi u. 

Pashinyan, shuningdek, Bakuni Lochin yo‘lagini to‘sib qo‘ymaslikka chaqirgan barcha davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillariga minnatdorlik bildirdi, shuningdek, ayrim do‘st davlatlar sukut saqlayotganidan hayratda ekanini tilga oldi. 

Joriy yilning 12 dekabr kuni o‘zini ekologlar deb tanishtirgan bir guruh ozarbayjonliklar Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ni bog‘lovchi yagona yo‘l bo‘lgan Lochin yo‘lagini to‘sib qo‘ydi. Yerevan bu qadamni rasmiy Baku tomonidan tan olinmagan respublikada gumanitar falokat yaratishga qaratilgan provokatsiya sifatida baholadi.

Ozarbayjon nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) vakillari Qorabog‘ viloyatidagi Shusha-Lochin yo‘lida rossiyalik harbiylarning vaqtinchalik nazorati ostidagi hududlarni kuzatish taqiqlanganini qoralagan mitingni hamon davom ettirmoqda. 

Faollar ekologik terror, konlardan noqonuniy foydalanishga qarshi shiorlar aytmoqda, Rossiyaning Qorabog‘dagi harbiy kontingenti qo‘mondoni Andrey Volkov bilan uchrashishni talab qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Nikol Pashinyan Qorabog' mojarosi

Baholaganlar

11

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing