Parlament Matraimovchilardan “tozalandi” – Tashiyev

Olam

image

Qirg‘iziston Jogorku Keneshida Rayim Matraimov bilan aloqador bo‘lgan shaxslardan “tozalash” yakunlandi. Bu haqda mamlakat Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev ma’lum qildi. 

Tashiyevning so‘zlariga ko‘ra, parlament Matraimov bilan bojxonada aloqador bo‘lgan va birga tadbirkorlik qilgan barchadan “tozalangan”.

"Biz davlat idoralarida hammani tozalayapmiz, lekin ular hali ham bor", deydi Tashiyev.

Uning aytishicha, Matraimovning “bo‘ynida” 200 million dollar qarz bor, uni sobiq bojxonachi mamlakat byudjetiga to‘lashi kerak.

“Mamlakatimizda korrupsiya avj olgani uchun stadionlar, maktablar, yo‘llar ayanchli ahvolda, davlat esa ojiz”, deydi Tashiyev.

“AKIpress” xabariga ko‘ra, yettinchi chaqiriq Jogorku Kenesh ishi davomida parlamentning 18 nafar deputati turli sabablarga ko‘ra o‘z mandatini topshirgan.

Nashr ularning barchasi Matraimov bilan bog‘liqmi yoki yo‘qligini ochiqlamagan.

Bir oy oldin Tashiyev respublika parlamentini korrupsioner deputatlardan tozalashga va’da berib, bu jarayon davom etishini qo‘shimcha qilgandi.

“Nomzodlarda pul bo‘lsa, tanish-bilishlari ko‘p yoki yuqori martabali qarindoshi bo‘lsa, deputat bo‘laman, degan umidda bo‘lmasligi kerak. Parlamentga xalqqa xizmat qilishga tayyor insonlar, o‘z yurtining vatanparvarlari kelishi zarur”, deydi u.

Ma’lumot uchun, Rayimbek Matraimov 2015 yildan 2017 yilgacha bojxona xizmatida ishlagan. 2020 yilda jinoyatga aralashib, 2021 yil 11 fevralda korrupsiyada ayblangan va sudlangan. Amaldor tergov bilan kelishuv tuzib, davlatga 24 million dollar to‘lagani tufayli u qamoqdan qutulishga muvaffaq bo‘ldi.

Keyinroq Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi unga nisbatan jinoiy daromadlarni legallashtirish bo‘yicha ish qo‘zg‘atgan, bunga tergovchi jurnalistlarning materiallari sabab bo‘lgan.

Joriy yilning mart oyi oxirida sobiq bojxonachi Ozarbayjondan vataniga ekstraditsiya qilindi va hibsga olindi.

Matraimovga nisbatan Jinoyat kodeksining bir qator moddalari, jumladan, jinoiy daromadlarni legallashtirish bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. U bilan birga uning uch ukasi ham hibsga olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Qamchibek Tashiev Rayim Matraimov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing