Parijdagi tartibsizliklar PSJ va “Barselona” o‘yiniga ta’sir qiladimi?

Sport

−

image

Fransiya poytaxti Parijda kuzatilayotgan tartibsizliklar Chempionlar ligasining asosiy bosqichi doirasidagi “Pari Sen-Jermen” va “Barselona” o‘rtasidagi uchrashuvga xalaqit bermaydi. Bu haqda Fransiya Ichki ishlar vaziri Loran Nunes ma’lum qildi.

Uchrashuv bugun, 20 oktyabr kuni Parijdagi “Park de Prens” stadionida bo‘lib o‘tishi va Toshkent vaqti bilan soat 23:55 da boshlanishi belgilangan.

Nunes yuqori martabali amaldorlar ishtirokida o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilishdan so‘ng futbol uchrashuvlari kabi oldindan rejalashtirilgan tadbirlarni bekor qilish masalasi muhokama qilinganini aytgan. Biroq uning bildirishicha, bu qaror PSJ va “Barselona” o‘rtasidagi o‘yinga taalluqli emas. Vazir shu hafta Yevropa maydonlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan boshqa uchrashuvlar ham belgilangan muddatda bo‘lib o‘tishini qo‘shimcha qilgan.

Nunesning o‘zi joriy yilning 18 oktyabr kuni iste’foga chiqish uchun ariza bergan. Biroq Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron favqulodda vaziyat sharoitida politsiya faoliyatini muvofiqlashtirish uchun undan o‘z lavozimida qolishni so‘ragan.

Fransiyada norozilik namoyishlari sentyabr oyi o‘rtalaridan boshlangan. Dastlab Parij atrofidagi maktab o‘quvchilari ta’lim sharoitlarini yaxshilash talablari bilan ko‘chaga chiqqan. Keyinchalik ularga mamlakat bo‘ylab narxlar oshishidan norozi bo‘lgan fuqarolar ham qo‘shilgan va namoyishlar boshqa hududlarga tarqalgan.

Joriy yilning 17 oktyabr kuni o‘tkazilgan yirik umummilliy namoyishlar tartibsizliklarga aylangan. Namoyishlar davomida ayrim do‘konlar talon-toroj qilingan, vitrinalar sindirilgan va qimmatbaho brendlar do‘konlaridan, xususan, Parij hamda Marseldagi savdo nuqtalaridan buyumlar o‘g‘irlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Marsel shahrida talonchilar “Olimpik Marsel” futbol klubining rasmiy do‘koniga bostirib kirib, uni talon-toroj qilgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing