Parij va London Moskvani START’ga qaytishga chaqirdi
Olam
−
11 mart 2023 12820 2 daqiqa
Fransiya va Buyuk Britaniya Strategik hujum qurollarini yanada qisqartirish va cheklash bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi shartnomani (START, START-3) yadroviy qurollarni nazorat qilishning muhim vositasi deb hisoblaydi va Rossiyani ushbu kelishuvda ishtirok etishga qaytishga chaqiradi. Bu haqda kecha, 10 mart kuni Parijda bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama sammit yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonotda aytildi.
“Fransiya va Buyuk Britaniya Rossiyaning yadroviy qurollarni nazorat qilish va strategik barqarorlikni ta’minlashning eng muhim vositasi bo‘lgan START-3’dagi ishtirokini to‘xtatib qo‘yish qaroridan afsusdalar. Shu nuqtai nazardan, Parij va London yadroviy qurolga ega beshta davlat va hukumat rahbarlarining yadro urushi hamda qurollanish poygasining oldini olish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotiga sodiqliklarini tasdiqladilar va Rossiya Federatsiyasini 2022 yil 3 yanvarda qabul qilingan deklaratsiyadagi o‘z majburiyatlarini tasdiqlashga chaqirdilar”, deyiladi qo‘shma bayonotda.
Shuningdek, tomonlar Rossiya yadro sinovlarini o‘tkazishga tayyorligini e’lon qilganidan xavotir bildirgan. Fransiya va Buyuk Britaniya Moskva yadroviy sinovlarda moratoriyga rioya qilishi zarur deb hisoblashi aytilgan.
Ma’lumot uchun, Franko-Britaniya sammiti 2018 yildan beri birinchi marta bo‘lib o‘tdi. Sammitning keng ko‘lamli uchrashuvlarini o‘tkazishdagi tanaffusga ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashgani va tomonlar orasidagi ayrim masalalar, jumladan, migratsiya muammosi bo‘yicha kelishmovchiliklarning keskinlashgani sabab bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin joriy yilning 21 fevral kuni Federal Majlisga yo‘llagan murojaatida Moskva START’dagi ishtirokini to‘xtatayotgani, lekin undan chiqmasligini ma’lum qilgan edi. Putin Mudofaa vazirligi va Rosatom oldiga zarurat tug‘ilganda Rossiyada yadro sinovlarini qayta tiklash vazifasini qo‘ygan edi.
Live
Barchasi