Paragvay Prezidenti O‘zbekistonga keldi
Jamiyat
−
11 dekabr 5540 1 daqiqa
Paragvay Respublikasi Prezidenti Santyago Penya bugun, 11 dekabr kuni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Oliy martabali mehmonni “Toshkent-Humo” xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston bilan Paragvay o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Jumladan, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va kimyo sanoati, raqamlashtirish, turizm hamda sport sohalarida amaliy sheriklikni o‘rnatishga alohida e’tibor qaratiladi.
Paragvay yetakchisi, shuningdek, Xalqaro avtomobil federatsiyasi Bosh assambleyasida va federatsiya shafeligida o‘tkaziladigan musobaqalar g‘oliblarini taqdirlash marosimida ishtirok etadi.
Ma’lumot uchun, Santyago Penyaning O‘zbekistonga tashrifi 11-13 dekabr kunlariga mo‘ljallangan.