Panjsher yoki “Tolibon”: Britaniya qay birini tanlaydi?

Olam

image

Buyuk Britaniya Afg‘onistonning Panjsher viloyatidagi “Tolibon”ga qarshi harakatni qo‘llab-quvvatlamaydi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Dominik Raab ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, Britaniya vaziyatning rivojlanishini diqqat bilan kuzatmoqda. Raab “Tolibon” mamlakat hududining katta qismini nazorat qilayotganini qo‘shimcha qilgan.

“O‘ylaymanki, hozir boshqa guruhlarni qo‘llab-quvvatlashni boshlash noto‘g‘ri bo‘lardi”, deydi Raab.

Qayd etish kerakki, Britaniya TIV rahbari bugun, 6 sentyabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar viziri Abdulaziz Komilov bilan telefon orqali muloqot qildi. Britaniya Afg‘oniston va “Tolibon” bo‘yicha pozitsiya belgilash oldidan katta ehtimol bilan O‘zbekiston vakillarining maslahatini olgan.

Raabning fikricha, endi Afg‘onistondagi mavjud voqelikka moslashish kerak.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 6 sentyabr kuni “Tolibon” bo‘ysunmayotgan Panjsherni to‘liq egallaganini e’lon qildi.

Shundan so‘ng, ushbu viloyat lideri Ahmad Mas’ud murojaat bilan chiqib, toliblarga Panjsherni egallashda xorij harbiylari yordam berganini ta’kidlagan. Shu sababli u jahon hamjamiyatidan ushbu vaziyatga e’tibor qaratishni hamda “Tolibon”ning xatti-harakatlarini qoralashni so‘ragan.

Afg‘onistondagi vaziyat

AQSHning Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy operatsiyasi Prezident Jo Bayden davriga kelib yakunlandi. AQSH qo‘shinlari joriy yilning 31 avgust kuni mamlakatni tark etdi. Bunga qadar Yevropaning boshqa davlatlari, jumladan Britaniya va Germaniya ham mamlakatni tark etdi. Ushbu jarayon yakunlanmasidan “Tolibon” harakati poytaxt Qobulni egallab, joriy yilning 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatdi. 19 avgust kuniga kelib toliblar Afg‘oniston Islom Amirligi tuzulganini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

255

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing