Pandemiyaga qarshi kurashda fidoyilik ko‘rsatgan 357 kishiga davlat mukofotlari topshirildi
Jamiyat
−
26 dekabr 2020
6764O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligida 2020 yil davomida tibbiyot xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmonlari bilan berilgan davlat mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar bermoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Laziz To‘ychiyev, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xojiboyev hamda soha mutasaddi rahbarlar ishtirok etgan.
Marosimda ta’kidlanganidek, yakunlanayotgan 2020 yil koronavirus infeksiyasi tarqalishi oqibatida yuzaga kelgan pandemiya sharoiti tufayli butun insoniyat, xususan, O‘zbekiston xalqi uchun og‘ir, sinovli yil bo‘ldi.
“Ayniqsa, aholi salomatligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari, shifokor va hamshiralarimiz, sanitariya vakillari fidoyillik, kasbi va qasamyodiga sadoqat ko‘rsatishi, mashaqqatli mehnat qilishi talab qilindi. Yurtimizdagi barcha tibbiyot xodimlari ushbu chorlovga labbay deb javob berib, hech ikkilanmasdan o‘z hayoti, jonidan kechib, yaqinlari, oila-a’zolari hayotini tahlikaga qo‘yib virusga qarshi mardonavor kurashga, xalq dardiga malham bo‘lishga chog‘lanishdi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun joriy yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 23 iyuldagi “Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda fidoyilik ko‘rsatgan fuqarolardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoni hamda 2020 yil 27 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma to‘qqiz yilligi munosabati bilan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda fidoyilik ko‘rsatgan tibbiyot sohasi xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoni bilan 357 nafar fidoyi fuqarolar taqdirlandi.
Ular orasida 269 nafari Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan tibbiyot sohasi mutaxassislaridir. Jumladan, mukofotlanganlar orasida 200 nafari shifokor, 69 nafari esa o‘rta va kichik tibbiyot xodimlari hisoblanadi.
Shuningdek, tadbirda o‘tib borayotgan yil nafaqat tibbiyot xodimlari uchun og‘ir kechgani, shu bilan birga, rivojlanish, islohot va o‘zgarishlar yili bo‘lgani haqida so‘z borgan. Ushbu davrda paralell ravishda tibbiyot sohasi islohotlari, zamonaviy tibbiy inshootlarni bunyod etish ishlari ham izchil davom ettirilgan. Jumladan, shu yilning o‘zida 200 ga yaqin tibbiyot muassasasi bunyod etilgan.
Ular orasida Toshkent shahrida qad rostlagan qiymati 130 million dollardan ziyod bo‘lgan Bolalar milliy tibbiyot markazi, Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi hamda Chilonzor tumanida qurilgan Ikkinchi perinatal markazi kabi zamonaviy tibbiyot muassasalariga alohida urg‘u berilgan.
Tadbir so‘nggida Prezident Farmoniga ko‘ra berilgan Davlat mukofotlari o‘z egalariga topshirilgan.
LiveBarchasi