Pandadan Saunagacha yoxud noodatiy diplomatiyalar
Tahlil
−
21:00 812 6 daqiqa
Diplomatiya jazga o‘xshaydi:bir mavzu
atrofida sanoqsiz talqinlar
(Richard Xolbruk, amerikalik diplomat)
Diplomatiya, bu so‘zga berish mumkin bo‘lgan ta’riflar bisyor. Kimdir uni qurolga o‘xshatsa, yana kimdir san’atga qiyos qiladi. Universal izoh mavjud emas, hammada o‘ziga xos talqin bor.
Klassik ta’rifda diplomatiya – muzokaralar san’ati sifatida ko‘riladi. Bunga ko‘ra, hukumatlararo munosabatlarni mohirona muzokara yo‘li bilan, kuch ishtalmasdan tartibga solish diplomatiyaning asosiy xususiyatidir. Ammo ba’zi mutaxassislar diplomatiyani tashqi siyosatni amalga oshirish quroli deb bilishadi. Ushbu talqin, diplomatiyani xalqaro maydonda o‘z manfaatlarini ilgari surish maqsadida qo‘llaniluvchi vosita sifatida tatbiq etadi.
Ta’riflarga monand zamonaviy dunyoda diplomatiyaning turi ham ko‘p. Oldinlari faqat yirik davlat rahbarlarining xashamdor xonalarda, qog‘ozlarga to‘la stol atrofida olib boradigan muzokaralariga nisbatan qo‘llanilgan atama, bugun qaysidir ma’noda oshxonadan tortib saunagacha “kirib chiqdi”. Panda diplomatiyasi, sauna diplomatiyasi yoki palov diplomatiyasi kabi noodatiy siyosiy atamalar garchi bir qarashda g‘alati va samarasiz tuyulsa-da, zamonaviy xalqaro munosabatlarning ajralmas bir bo‘lagiga aylanib ulgurgan.
Panda diplomatiyasi
Ko‘pchilikka ma’lumki, butun dunyo pandalari Xitoy Xalq Respublikasi mulki hisoblanadi. Ularni o‘g‘irlash tugul sotib olish ham imkonsiz. Pandalar – xitoyning milliy boyligi hisoblanadi va ularga zarar yetkazish yoki ularning kontrabandasi bilan shug‘ullanish, hatto o‘lim jazosigacha olib borishi mumkin. Hozirda pandalarni faqat 10-15 yilga ijaraga olish imkoni mavjud bo‘lib, yillik to‘lov – 1 million AQSH dollari.
.jpg)
Pandalar bir vaqtning o‘zida Xitoy diplomatiyasining eng o‘ziga xos instrumenti ham hisoblanadi. Tarixda ushbu jonzotlar Xitoyning eng yaqin do‘stlariga hadya qilingan va bu alohida ishonch va hamkorlik ramzi bo‘lgan. Milodiy 685 yilda Tan sulolasi malikasi Szetyan Yaponiya imperatoriga ikkita panda sovg‘a qilgani haqida tarixiy manbalar mavjud bo‘lib, bu ushbu qadriyatning uzoq tarixiy ildizga ega ekanligini bildiradi.
Mao Szedun davrida pandalar SSSR kabi sotsialistik hamkorlarga mutlaq sovg‘a sifatida berilgan. Bunday noodatiy sovg‘a sotsial davlatlar o‘rtasida iliq munosabatlar, do‘stlik va birdamlik mafkuralarining tarqalishiga yordam bergan.
Eng katta burilish 1972 yilda AQSH prezidenti Richard Niksonning Pekinga tashrifi bo‘ldi. O‘shanda Xitoy AQSHga Ling-Ling va Sing-Sing ismli pandalarni sovg‘a qilgan. Bu ikki mafkuraviy qutb o‘rtasida yaqinlashuv, Sovuq urushning tugashi alomati sifatida ko‘rilgan edi.
Pandalarning yo‘qolib ketish xavfi paydo bo‘lgach, 1984 yildan boshlab Xitoy ularni hadya etishni to‘xtatdi va o‘rniga turli shartlar asosida ijara tizmini ishlab chiqdi. Pandalarni ijaraga olgan davlat unga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, qo‘pol munosabat qilmaslik va yiliga 1 mln AQSH dollari miqdorida ijara haqi to‘lash kabi shartlarni qabul qiladi.
Pandalar o‘ziga xos indikator bo‘lib, diplomatik aloqalar yomonlashsa, Xitoy ushbu jonivorlarni qaytarib oladi yoki ijara muddatini uzaytirmaydi. Masalan, so‘nggi yillarda AQSH va Xitoy munosabatlari taranglashgani sababli, bir necha Amerika hayvonot bog‘laridagi pandalar Xitoyga qaytarib olib ketildi.
Gastro yoki oshxona diplomatiyasi
“Yurakka eng qisqa yo‘l oshqozon orqali o‘tadi”, degan gap diplomatiyada ham amal qiladi. Ko‘p davlatlar o‘z madaniyatini yoyish va xalqaro nufuzini oshirish uchun milliy taomlaridan foydalanadi. Janubiy Koreya, Tailand, Peru va hatto O‘zbekiston ham gasrtodiplomatiyada faoldir.
Tailand ushbu diplomatiyaning kashshoflaridan hisoblanadi. Ushbu davlatda Tay restoranlarini ochish davlat dasturiga kiritilgan bo‘lib, hukumat bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi va moliyalashtiradi. 2002 yilda amalga kirgan ushbu dastur natijasida bugungi kunda dunyo bo‘ylab 15 000 dan ortiq Tay restoranlari mavjud. Bu turizmning o‘sishiga va Tailandga nisbatan xalqaro xayrixohlikning oshishiga olib keldi.
“Kimchi” esa Janubiy Koreya diplomatiyasining zamonaviy “qurol”laridan biriga aylangan. Koreya butun dunyoga “Kimchi”ni sog‘lom ovqatlanish ramzi sifatida yoya oldi. 2013 yilda koreyscha kimchi tayyorlash an’anasi UNESCO’ning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi.

O‘zbekiston ham palovni o‘zining tashrif qog‘oziga aylantirgan. Davlat tashabbusi bilan Vashington, London, Parij va Moskvada muntazam ravishda palov festivallari o‘tkazilib kelinmoqda. Odatda bunday tadbirlarga xorijiy diplomatlar, biznesmenlar va madaniyat arboblari taklif etilib, milliy taom orqali O‘zbekistonning investitsion jozibadorligi va turizm salohiyati targ‘ib qilinadi. Bir laganda palov yeyish esa qalin do‘stlik va yaqinlik kayfiyatini uyg‘otadi.
Umumlashgan fikrga ko‘ra diplomatiya – bu davlat manfaatlarini himoya qilish va kerakli maqsadga erishish uchun chet ellarda olib borilayotgan faoliyat. Dunyodagi yuzlab elchixonalar aynan shuning uchun xizmat qiladi.
“Rossiyadagi har bir o‘zbek restorani bu O‘zbekistonning kichik elchixonasi emasmi?”, degan edi Rossiyalik oshpaz va teleboshlovchi Stalik Xankshiyev.
2016 yilda “Palov madaniyati va an’anasi” UNESCO’ning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi.
Sauna diplomatiyasi
Qanchalik g‘alati tuyulmasin, Finlandiya siyosatida saunalarning o‘rni katta. Finlandiyaliklar uchun sauna shunchaki yuvinish joyi emas, balki barcha teng bo‘ladigan, kiyimlar va unvonlar yechib tashlanadigan, samimiy muloqot hududidir. Muzokaralarning bunday g‘alati usuli bir vaqtning o‘zida juda samarali va bu tarixan isbotlangan ham.
Finlandiyaning sobiq prezidenti Urxo Kekkonen “sauna diplomatiyasi”ning eng mohir ustasi bo‘lgan. 1960 yillarda Rossiya bilan yaqin aloqalarga ega Finlandiya G‘arb bilan integratsiyalashuv ham nihoyatda muhimligini tushunardi. “Six ham, kabob ham kuymasin”, qabilida ish yuritishni ko‘zlagan fin prezidenti Kekkonen SSSR rahbari Nikita Xrushchyovni saunaga taklif qiladi. Tuni bo‘yi saunada suhbatlashishgach, fin rahbari o‘z maqsadiga erishgan. Bundan tashqari, 2005 yilda Vladimir Putin Xelsinkiga tashrif buyurganida, u Finlyandiyaning sobiq prezidenti Tarya Xalonenning eri bilan saunada bo‘lgan va buni “ajoyib tajriba” deb ta’riflagan.

Joriy yilning 20 yanvar sanasida ham Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan birga saunaga borib, Grenlandiya atrofidagi vaziyatni muhokama qilish taklifini berdi.
“Ba’zan bir oz to‘xtab olish foydali. Bilasizmi, saunaga borish, yaxshilab bug‘lanish, keyin esa yechim topish kerak. Golf diplomatiyasidan sauna diplomatiyasiga. Nega endi yo‘q?” deydi Stubb “The Washington Post” nashriga bergan intervyusida.
Amaldagi Finlandiya Prezidenti milliy an’analarni nihoyatta hurmat qiladi. Stubb o‘zini “boshdan-oyoq fin” deb atar ekan, ba’zan muhim qarorlarni aynan saunada yaxshilab bug‘lanib chiqqandan keyin qabul qilishini aytgan.
Xulosa qilib aytganda, diplomatiya olami nihoyatda rang-barang. Ba’zi siyosatchilar rasmiylikdan qochib, erkinroq bo‘lishga intilsa, ba’zilari turli sovg‘a-yu taomlar bilan ko‘ngil olish payida bo‘ladi. Diplomatiya qanday ko‘rinishda bo‘lmasin, muhimi tinch yo‘l bilan, hech qanday qurolli to‘qnashuvlarsiz kelishmovchiliklarni hal etishi kerak.
Live
Barchasi