Paxtakor tumani hokimi ham o‘zgardi

Jamiyat

image

Bugun, 22 avgust kuni Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida Xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi va unda tumanga yangi hokim tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Sessiya ishida Husan Bo‘ltakovich Abduvohidov nomzodi viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev tomonidan deputatlarga tanishtirildi. Shundan so‘ng, viloyat rahbarining uni tumani hokimi vazifasini bajaruvchisi etib tayinlash to‘g‘risidagi qarori deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Ma’lumot uchun, Husan Abduvohidov yangi lavozimga tayinlangunga qadar 2023 yildan buyon Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihada moliyaviy masalalar bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlab kelgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq viloyatning Sharof Rashidov tumaniga ham yangi hokim tayinlangandi. Asilbek Ashurov 2022 yildan buyon Paxtakor tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanining sobiq hokimi Mahmud Xolbo‘tayev 8 iyul kuni hibsga olingan edi. U hibsda bo‘lishiga qaramasdan hokim nomidan qarorlar chiqarilgani aniqlandi. E-qaror platformasiga shunday qarorlardan 5 tasi joylashtirilgan.

Jumladan, xalq deputatlari tuman kengashining 2025 yil 8 iyuldagi qarori bilan tuman Obodonlashtirish boshqarmasiga 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan bayram tadbirini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida tuman markaziy ko‘chasini tartibga keltirish va bayroqlar sotib olishga 42 mln so‘m, tumandagi ko‘p qavatli uy-joylarning ta’mirtalab holatga kelib qolgan tom qismini ta’mirlash uchun shifer sotib olishga 70 mln so‘m ajratish belgilangan. O‘sha kungi yana bir qaror bilan esa tuman hokimligi moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida, devonxona mollarini xarid qilish jarayonida vujudga kelgan qarzdorliklarni qoplash, org-texnika vositalarini ta’mirlash hamda xo‘jalik mollari xarid qilishga 150 mln so‘m ajratilgan.

Shuningdek, 9 iyuldagi qarorlar bilan tumanda tashkil qilingan oila va xotin-qizlar bo‘limlari moddiy texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 100 mln so‘m, Toqchiliq mahallasi Otchopar massivida sun’iy qoplamali mini futbol maydonini qurish uchun 200 mln so‘m va Qulpisar mahallasidagi madaniyat bo‘limiga qarashli binoni joriy ta’mirlash uchun 400 mln so‘m, tuman hokimligi moddiy texnik bazasini mustahkamlash maqsadida devonxona mollarini xarid qilish jarayonida vujudga kelgan qarzdorliklarni qoplash, ofis texnika vositalarini ta’mirlash hamda xo‘jalik mollari xarid qilishga 255 mln so‘m ajratish belgilangan.

Holat yuzasidan Jizzax viloyati prokuraturasi rasmiy munosabat bildirib, Sharof Rashidov tumani prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib borayotganini ma’lum qildi. To‘plangan hujjatlar bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.


Maqola muallifi

Teglar

tayinlov Jizzax hokim Ulug'bek Mustafoev Husan Abduvohidov Paxtakor tumani

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing