“Paxtakor” Niderlandiya va belaruslik futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib oldi
Sport
−
28 iyul 2023
3872Toshkentning “Paxtakor” klubi o‘z tarkibini Niderlandiya va Belarus futbolchilari bilan kuchaytirmoqda. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bugun, 28 iyul kuni “sherlar” niderlandiyalik 30 yoshli markaziy himoyachi Metyu Stinvorden bilan bir yarim yillik shartnoma imzolagan.
“Feyenoord” klubi tarbiyalanuvchisi sanalgan Stinvorden hozirgacha Gollandiyaning “Feyenoord”, “Ekselsior”, “Dordrext”, “Kambuur” va Xorvatiyaning “Goritsa” klublari sharafini himoya qilgan. 2019 yildan beri Xorvatiya klubida o‘ynagan. Faoliyatida chempionatlarda 250 o‘yinda 15 gol muallifi bo‘lgan.
“Stinvorden “Paxtakor”da o‘ynaydigan gollandiyalik birinchi futbolchiga aylanadi. U erkin agent sifatida jamoamizga ko‘chib o‘tdi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Toshkent klubi belaruslik darvozabon Pavel Pavlyuchenko jamoaning navbatdagi yangi futbolchisiga aylangan. U ham jamoa safiga tekinga qo‘shilgan bo‘lib, “sherlar” bilan bir yarim yillik shartnomaga imzo chekkan.
Ma’lumot uchun, Pavlyuchenko faoliyati davomida Belarusning “Dnepr”, “Dinamo”, “Rux”, Polshaning “Gurnik” va “Bruk-Bet” klublari safida o‘ynagan. U Belarus milliy terma jamoasida shu vaqtgacha 11 uchrashuvda maydonga tushgan.
“Pavel va Stinvordenga “Paxtakor”dagi faoliyatida yutuqlar va omad tilab qolamiz. Chempionlar safiga xush kelibsiz”, deyilgan klub xabarida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentning “Paxtakor” jamoasi Germaniyaning “Kayzerslautern” klubi tarbiyalanuvchisi Kimi Merk va Polsha milliy terma jamoasi sobiq yarim himoyachisi Mixal Kuxarchik bilan shartnoma imzolagani haqida xabar berilgan edi.
LiveBarchasi