“Paxtakor” “Navbahor” uchrashuvidagi janjal “qahramonlari” jazolandi

Sport

image

Avvalroq, futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi 4-turi doirasidagi “Paxtakor” – “Navbahor” uchrashuvidan keyin tartibsizlik yuzaga kelgani haqida xabar bergan edik.

Ucharshuvga qo‘shib berilgan daqiqalarda “Paxtakor” fan-klubi yetakchisi Javohir Shokirov texnik hududda paydo bo‘ldi. O‘yinning 90+5-daqiqasida maydon tashqarisiga chiqib ketgan to‘pni “Navbahor Lochinlari” jamoasi futbolchisiga qaytarib berish o‘rniga, Shokirov to‘pni boshqa tomonga namoyishkorona tepib yuborgandi. Bu esa stadionga yig‘ilgan muxlislar, raqib jamoa a’zolari va rasmiylarining noroziligiga sabab bo‘lgan.

O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi tartib-intizom qo‘mitasi mazkur holatni shrganib chiqib, “Paxtakor” futbol klubiga nisbatan ko‘ngilsiz holatlarning bosh sababchisi sifatida moliyaviy jarima intizom chorasi qo‘llashga qaror qildi.

Shuningdek, “Navbahor lochinlari” jamoasi murabbiyi Grigoriy Kolosovskiy yuqoridagi vaziyat sabab tinchlana olmagani va maydonda, tribuna osti yo‘lakchasida, kiyinish xonasi atrofida raqib jamoa vakillari hamda O‘zPFL rasmiylari bilan janjallashgani, ularni shaxsiyatga teguvchi so‘zlar bilan bir necha bora sababsiz haqorat qilgani hamda murabbiyni tinchlantirishga uringan rasmiy shaxslarga zarba berishga uringani ham qo‘mita tomonidan o‘rganildi. 

Qayd etilishicha, mazkur holat ikki jamoaning qolgan rasmiylari o‘rtasida janjal kelib chiqishiga, tribuna osti yo‘lakchasida to‘polon ko‘tarilishiga sabab bo‘lgan. Qo‘shimchasiga, Kolosovskiy O‘zPFL rasmiysi talabiga rioya qilmay, akkreditatsiyani qaytarishdan bosh tortgan.

Shu sababli Grigoriy Kolosovskiyga nisbatan 3 ta o‘yinga chetlashtirish (diskvalifikatsiya) va moliyaviy jarima intizom chorasi qo‘llanilgan.

“Grigoriy Kolosovskiyning nomaqbul harakatlari “Navbahor Lochinlari” jamoasi darvozaboni O‘tkir Yusupovni ham janjalli vaziyatga aralashtirdi. Natijada, Yusupov “Paxtakor” fan-klubi yetakchisi Javohir Shokirov bilan mushtlashuv sodir etib, unga zarba berdi. Shuni inobatga olgan holda, O‘tkir Yusupovga nisbatan moliyaviy jarima intizom chorasi qo‘llanildi”, deyiladi O‘FA xabarida.

Ta’kidlanishicha, “Paxtakor” jamoasi matbuot kotibi Behzod Nazarov, klub katta menejeri Ilhom Yakvalxo‘jayev o‘yin yakunlangach tribuna osti yo‘lakchasida nojo‘ya xatti-harakatlarni amalga oshirib, “Navbahor lochinlari” jamoasi rasmiylarini qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qilgan. Shu sababli Behzod Nazarov hamda Ilhom Yakvalxo‘jayevning har biriga nisbatan moliyaviy jarima intizom chorasi qo‘llanilgan.

Bundan tashqari, “Navbahor Lochinlari” jamoasi o‘yin yakunlangach, kiyinish xonasining ichki va tashqi devorlariga zarar yetkazib, uni ta’mirtalab holga keltirdi. Shuni inobatga olib, “Navbahor lochinlari” futbol klubiga nisbatan moliyaviy jarima intizom chorasi qo‘llanilgan.

 

Ma’ruf Abdumalikov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

86

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing