“Paxta-g‘allaga davlat buyurtmasi – “gosplan” bekor bo‘lishi”. Adliya vazirligi yangi davr kelganini aytmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatida paxta va g‘alla uchun davlat buyurtmasini bekor qilish qarori e’lon qilindi. Agar bu tartib amalga kiritilsa, qishloq xo‘jaligidagi ma’muriy-buyruqbozlik yo‘qolib, erkin iqtisodiyotga o‘tar, balki. Eski tartib ayni vaqtda bekor qilinishi zarurligi bo‘yicha Adliya vazirligi tomonidan huquqiy tahlil e’lon qilinibdi

Muhimligi va rivojlanish omillari

Paxta va g‘allaga davlat buyurtmasining bekor bo‘lishi esa buyurtmachining bu sohaga aralashuvini kamaytiradi. Bu borada safarbar etib kelingan resurslar maqsadga muvofiq taqsimlanadi: xususan, hokimliklarga boshqa muhim strategik vazifalari, ayniqsa, bugungi kunda eng dolzarb bo‘lgan ijtimoiy soha bilan shug‘ullanish imkoniyati yaratiladi.

Umuman olganda, har qanday sohada bo‘lgani kabi, qishloq xo‘jaligi sohasining rivojlanishiga katta turtki bo‘luvchi omillar mavjud bo‘lib, ular ichida eng muhim va fundamentallaridan biri – bu mulkka, mulkiy huquqlarga bo‘lgan munosabat va sharoitdir.

Tarixga nazar solib, qishloq xo‘jaligi sohasida ulkan yutuqlarga erishgan yoki xatolarga yo‘l qo‘ygan mamlakatlar tajribasini o‘rgansak, ushbu eng bazaviy qoida, ya’ni yerga bo‘lgan huquqlarning himoyalanganligi darajasi, qayta-qayta markaziy omil sifatida gavdalanaveradi.

Bu yerda gap yerga nisbatan xususiy mulkchilik munosabati to‘g‘risida ketmayapti, balki har qanday huquqning kafolati, ya’ni shu huquqni beruvchi tomonidan "o‘yin qoidalari" ga rioya etilishi, qoidalarning tez-tez o‘zgarishiga yo‘l qo‘yilmasligi, ya’ni barqarorligi, eng xavflisi esa, ushbu huquqlardan judo etmaslik istiqbollaridir. Bu borada ob’ektiv nuqtai nazardan xavf-xatar qancha baland bo‘lsa, jozibadorlik shuncha kam bo‘laveradi.

Bu albatta yangilik emas, barcha sohada xuddi shu bazaviy tamoyillar hukmron. Lekin aynan yuqoridagi kabi barqaror munosabatning mavjud bo‘lishi yerga, demakki, qishloq xo‘jaligiga investitsiya ob’ekti sifatida qaralishiga olib keladi.

Ya’ni, investor/fermer/tadbirkor o‘z istiqbolini oldindan rejalashtirib, manfaatini hisob-kitob qilib, mulkiy ob’ektlaridan eng maqbul tarzda foydalanish yo‘llarini izlaydi, yer haqida qayg‘uradi, tuproq unumdorligini o‘ylaydi. Qo‘shimcha raqobat muhitining mavjud bo‘lishi esa, ularni o‘z harakatlarini ko‘p marotaba amalga oshirishga majbur qiladi.

Yoki aksincha, har tomonlama ob’ektiv faoliyat yurituvchi, yer huquqlari himoyasini qat’iy ravishda ta’minlay oladigan tizimning, ya’ni davlat institutlarining mavjud bo‘lmasligi, yer munosabatlarida tartibsizlikka olib kelishi mumkin. Bu masalada qonunlarda kafolatlar belgilangan bo‘lib, ular amaliyotda tatbiq etilmasa ham, xuddi shunday salbiy oqibatlar yuz beradi (Uganda, Meksika).

Yer bu davlatning va xalqning eng qimmatbaho aktivi, ya’ni xazinasidagi boyligi hisoblanadi. Undan maksimal darajada samarali foydalanish esa eng katta maqsaddir. Agar sizning qandaydir qimmatbaho shaxsiy mulkingiz bo‘lsa, albatta, uning bahosini bozor qiymatida belgilaysiz, shunga yarasha foyda ko‘rishni xohlaysiz, 100 so‘mlik shaxsiy mulkingizni 10 so‘mga berib qo‘ymaysiz.

Moziyga qarab ish tutmoq xayrlidir, deb Abdulla Qodiriy juda to‘g‘ri ta’kidlagan.

Mashhur olimlar tahlillariga yoki umuman tarixiy evolyutsiyaga e’tibor beriladigan bo‘lsa, ayrim davlatlarning yer huquqlariga munosabatlari qishloq xo‘jaligidagi unumdorlikka to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qilib kelgan.

Rossiya imperiyasida Stolipinning yer islohotlariga qarasak, 1861 yilda krepostnoy huquqi bekor bo‘lganidan keyin, 1906 yilda yerga egalik qilish huquqi berila boshlanishi mehnat unumdorligining oshishiga olib kelgan. Afsus, yaqin tarixdan bilamizki, bo‘lib o‘tgan revolyutsiyalar va keyinchalik Sovet Ittifoqida yuz bergan teskari jarayonlar, ya’ni majburiy kollektivlashtirish siyosati qishloq xo‘jaligiga katta ta’sir qildi. Xuddi shunday siyosat Jazoir, Chili, GDR, Mozambik, Nikaragua, Peru davlatlarida yuz berib, o‘xshash salbiy natijalarni qayd qilgan.

Xitoyda esa mashhur Den Syaopin o‘z islohotlarini aynan agrar sohadan boshlab, yerlarni taqsimlab, fermerlarga mustaqillik berishi oqibatida, Xitoyning qishloq xo‘jaligi unumdorligi birdan oshishni boshlagan.

Ikkinchi jahon urushidan keyin Boliviya, Hindiston, Efiopiya, Eron, Yaponiya, Janubiy Koreya, Tayvanda yerlarning ijarachilarga taqsimlanib berilishi unumdorlikning keskin oshishiga olib kelgan. Bunda muhim jihat bu yerlarning taqsimlanishida tenglikka rioya qilinishidir. 1960–2000 yillardagi monitoringlar shuni ko‘rsatdiki, qaysi davlatlarda yer taqsimlanishida tenglik prinsipiga amal qilinsa (ozchilik qo‘lida ko‘p yer konsentratsiyasi yuz bermasa), o‘sha mamlakatda YAIMning yuqori o‘sish sur’atlari qayd etiladi. Bu mashhur Gini indeksi bo‘yicha hisoblanganda ham, yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Aksincha, davlatning narx shakllanishidagi aralashuvi qanday natijalarga olib kelishini quyidagi misolda ham ko‘rish mumkin. Siyerra Leonda kakao va kofe narxlari tez o‘zgarib turardi, xususan, bir hosildan ikkinchisiga qarab narxlar o‘rtasida farq juda sezilarli bo‘lardi. Bu, tabiiyki, fermerlarning daromadiga o‘z ta’sirini ko‘rsatar edi.

1949 yilda fermerlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Bozor kengashi degan tuzilma tashkil etiladi. Kengash narxlar arzon bo‘lib qolgan vaqtda fermerlardan mahsulotni qimmatroq, narxlar qimmat bo‘lib ketsa, arzonroq sotib olish orqali keskin narx o‘zgarishini barqaror boshqarib borishi kerak edi.

G‘oya yaxshi, faqat real hayotda bu teskari natijaga olib keldi. Bozor kengashi faoliyati va ma’murchiligi uchun mablag‘lar kerak edi. Bu mablag‘lar albatta fermerlar hisobidan olinardi. Shunday ekan, asosiy vazifani bajarish uchun ma’lum bir hosilda fermerlarga bozor narxlardan sal kamroq pul to‘lana boshlandi. “Sal kamroq” tushunchasi esa yillar davomida kattalashib boraverdi. Siyerra Leone 1961 yilda o‘z mustaqilligiga erishgandan keyin ham bu tizim saqlanib qoldi. Natijada 60-yillarda, mardonavor bozor kengashi kakao fermerlariga mahsulotning bozor narxidan 48 foizini, kofe mahsulotining 49 foizini to‘lab bergan bo‘lsa, 1985 yillarga kelib bu ko‘rsatkich tegishlicha 19 va 27 foizga tushib ketdi.

Shunday ekan, paxta va g‘alla uchun davlat buyurtmasining bekor bo‘lishi ham aynan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining o‘z yerlaridan o‘zlari xohlaganicha foydalana olishi, bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib ekinlarni joylashtirishi va narxlarni shakllantirishini taqozo etadi. Yerlarga bo‘lgan huquqlar himoyasining yanada kuchaytirilishi esa qishloq xo‘jaligidagi unumdorlik va rivojlanishni juda yuqori darajaga ko‘tarishi aniq. Ushbu qadam qishloq xo‘jaligida O‘zbekiston tarixida yangi davr boshlanganidan dalolat beradi.

Kuni kecha qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4575-son qarori murojaatda belgilangan vazifalarning ijrosiga jiddiy kirishilganligini anglatadi. Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 10 yillik strategiyasini 2020 yilda amalga oshirish chora-tadbirlarini ko‘zda tutuvchi mazkur qarorda bu borada aniq mexanizmlar ko‘zda tutilgan.
 


Maqola muallifi

Teglar

Adliya vazirligi Paxta-g'allaga

Baholaganlar

44

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing