Oziq-ovqatga to‘la to‘rtta kema Ukraina portlarini tark etishga ruxsat oldi
Olam
−
07 avgust 2022
10550Bugun, 7 avgust kuni Birlashgan muvofiqlashtirish markazi oziq-ovqat tashiydigan to‘rtta kemaga Ukraina portlaridan chiqishga ruxsat berdi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lum qilgan.
"Muvofiqlashtiruvchi markaz beshta kemaga dengiz gumanitar yo‘lagiga kirishga ruxsat berdi. To‘rtta kema Chernomorsk va Odessadan suzib ketmoqda, ular 161 084 tonna oziq-ovqat tashiydi", deyiladi xabarda.
Istanbul yaqinida langar qo‘ygan yana bir MV OSPREY S kemasi Chernomorsk portiga borishga ruxsat olgan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, MV GLORY va MV RIVA WIND yuk kemalari Turkiyaga jami 100 ming tonnadan ortiq makkajo‘xori yetkazib beradi, MV STAR HELENA kemasi 45 ming tonna un bilan Xitoyga yo‘l oladi va MV MUSTAFA NECATI kemasi Italiyaga 6000 tonna kungaboqar yog‘ini yetkazib beradi. Barcha kemalar belgilangan tartibda Turkiyada ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 iyul kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Turkiya Milliy Mudofaa vaziri Hulusi Akar, Rossiya Milliy Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Ukraina Infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakov ishtirokida “Don yo‘lagi” hujjati imzolandi. Ukrainadan g‘alla eksporti bo‘yicha kelishuv Odessa, shuningdek, Chernomorsk va Yujniydan xavfsiz yo‘laklarni yaratishni nazarda tutadi. Ushbu kelishuv jahon bozorlariga kamida 25 million tonna don yetkazib berish imkonini beradi.
Ukraina Qurolli Kuchlarining “Janub” operativ qo‘mondonligi Istanbulda shartnoma tuzilganiga 24 soat to‘lmasdan, 23 iyul kuni ertalab Rossiya harbiylari Odessa dengiz savdo portiga “Kalibr” raketalari bilan hujum uyushtirgani haqida xabar berdi.
Ukraina TIV hujumga munosabat bildirib, Rossiya raketasi Vladimir Putinning BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning yuziga tupurish, deb baholadi.
LiveBarchasi