“Ma’buda”ni kim “yaratdi”?

Tahlil

image

Bugun mahalliy va xorijiy axborot vositalari e’tiboridagi eng shov-shuvli mavzulardan biri

Gulnora Karimovaning uy qamog‘idan manzil koloniyaga o‘tkazilishi bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda kimdir uning sha’niga bisotidagi bor la’natlarni yog‘dirishdan charchamayotgan bo‘lsa, uni tarafini olishga chog‘lanatyoganlar ham uchrab turibdi. Gulnoraning xorijiy banklarda “muzlab” yotgan milliardlari, dang‘illama uy-joylari, shohona qasrlari haqida o‘qiyapmiz, hayratga tushyapmiz. “Esiz millatning shuncha boyligi” deya taassuf chekyapmiz. Lekin bir savolga xolisona javob berishga urinib ko‘raylik: Gulnora kim o‘zi? Mana shunday manzaralar, vaziyatlar yuzaga kelishiga, Gulnoraning antiqa qiliqlari tufayli dunyo matbuotida doston bo‘lishimizda faqat uning o‘zini ayblashimiz to‘g‘rimikin? 

Aslida har bir shaxs o‘z davrining farzandi, o‘zi mansub bo‘lgan xalqning vakili. Gulnora dunyoning turli shaharlarida nash’u namo surgandir, eng boyzeb shaharlarda hashamatli saroylarga ega bo‘lgandir, lekin u baribir shu jamiyatda tug‘ilib o‘sdi. Shu muhitning yaxshi-yomon jihatlarini o‘zida jamladi. 

Gulnoraning bu qadar kibru-havo, manmanlik timsoliga aylanishiga ham xorijliklar emas, asosan o‘zimiz sabab bo‘ldik. Ehtimol, kimlardir “u birinchi shaxsning qizi edi, unga hamma narsa mumkin edi” deya e’tiroz bildirishar? Balki mamlakatni 27 yil boshqargan rahbar o‘z farzandiga to‘g‘ri tarbiya bera olganida, uni ochko‘z, manfaatparast qilib tarbiyalamaganida...” deydiganlar topilar? 

Ehtimol, vaqtida birinchi prezident boshqaruv tizimida qandaydir xatolarga yo‘l qo‘ygandir, qattiqqo‘llikni haddan oshirib yuborgandir. Bu haqda har kimning o‘zi fikri bor. Ammo, marhum yo‘lboshchining eng ashaddiy tanqidchilari ham uni poraxo‘rlikda, boylikka, hoyu hashamga mukkasidan ketishda ayblashdan tiyiladilar. Bir paytlar u bilan ishlagan, uni tanigan-bilganlar Karimovning boshqalarga qaraganda kamtarona hayot tarziga amal qilganini aytishadi. Shu sababli to‘ng‘ich qizning bu qadar haddan oshishi, xalqdan o‘marilgan million-million pullar evaziga yallo qilib yashaganiga uning faqat “prezidentning qizi” ekanligi bilan bog‘lash to‘g‘ri bo‘lmasa kerak. 

Gulnorani sizu biz yashagan, o‘zimiz nafas olgan muhit ulg‘aytirdi. Unga esini tanigandan beri tinimsiz xushomadlar qilishdi. Uning uchun hamma eshiklar lang ochiq edi. Uning soyasida o‘zlari bilganicha ish tutishga, ish bitirishga uringanlar va buning uddasidan chiqqanlar ko‘p bo‘ldi. Faqat Gulnora emas, uning nomidan, mavqeidan foydalanganlar ham yaxshigina “yig‘ib-terib” oldi. 

Uning qanchadan-qancha tadbirkorlarni, davlat va jamoat tashkilotlarini “zir qaqshatib” o‘tqazgan xayriya tadbirlarini hamma bir ovozdan olqishladi. Yoshlarimiz qanday bo‘lmasin, uning loyihalarda ishtirok etib, ko‘zga ko‘rinish, imkon darajasida “opa”ning nazariga tushishga intildi. San’atkorlarimiz uni madh etib qo‘shiqlar kuylashdi, qalamkashlarimiz “shig‘ir”lar bitishdi, ulamolarimiz kaft ochib duolar qilishdi, tadbirkorlarimiz uning “ulug‘vor” ishlariga yelkadosh bo‘lishdi, radio va telekanallarimiz uning tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirlarni “keng yoritish”dan charchamadi. Hech kim “shoshmay tur, sen kimsan o‘zing, nega buncha haddingdan oshyapsan?” demadi, deyolmadi. Chetdan turib gapirganlar dushmanga chiqarildi. 

Butun boshli xalqning ko‘z oldida har ishga qodir, har tomonlama mukammal “supervumen”, ramziy ma’noda “ezgulik ma’budasi” qad rostladi. Gulnora – siyosatchi, Gulnora – olima, diplomat, xayriyachi, san’at va madaniyat homiysi, xonanda, modeler, dizayner, tadbirkor, shoira, yana yuz girdi balolar! Axir birgina ayolga bunchalar “serqirralik” ortiqcha emasmidi? 

Uning har bir harakati “keng jamoatchilik” tomonidan qo‘llab quvvatlandi, uning “buyuk odimlari”, “qoyilmaqom g‘alabalari”ga mahliyo bo‘ldik, olqishlab, uni yanada ruhlantirdik. Axir bularning barini “o‘zga sayyoraliklar” yoki ajnabiylar emas, o‘zimiz, shu yurtning, shu xalqning odamlari qilmadimi? 

“Opa” esa, bunday xushomadlar, olqishlar, rag‘batlardan kun sayin yuqorilab, parvozi yuksalib borgani sari, o‘zini daxlsiz, har qanday ishga vakolatli, shu jumladan xalqning, davlatning mol-mulkini istagancha tasarruf etishga, o‘zini “malikai oliya” his etib, hammani oyoq uchida ko‘rsatishga, xorijiy yurtlardan qimmat-qahat villalar sotib olib, had-hisobsiz boyliklarni xorij banklariga joylashga haqli deb bilgani aniq. Bunday vaziyatda, bunday shart-sharoit va imkonyatlar qurshovidagi biror ayolning boshqacharoq yo‘l tutishiga ishonish qiyin. 

Albatta, to‘lmoqning to‘kilmog‘i tayin. Qachondir bu xonimning ham “cheksiz vakolatlari”ga chek qo‘yiladigan payt kelishi muqarrar edi. Va bu muqarrar sarhisob hali “Ota”ning ko‘zi ochiqligi paytidayoq boshlandi. Gulnora va uning atrofidagi bir qancha korchalonning faoliyatiga qonuniy baho berildi. 

Ammo, Gulnorani ertayu kech uning atrofida yurgan sanoqli kimsalar emas, minglab, yuz minglab odamlar yaratgan emasmidi? Endi ular yo zo‘r berib, “yiqilganni tep” shioriga amal qilib, mahkumani qalashtirib so‘kishmoqda, yo bir chetda jimgina tomoshabin bo‘lib turishibdi.  
Men-ku, Gulnorani oqlash tarafdori emasman. Har kimki yomon bo‘lsa, jazo topqusidur. Shuncha payt mamlakat qonunlarini oyoqosti qilib kelgani yetmaganidek, ustidan chiqarilgan hukmga ham itoatsizlik qilgan bo‘lsa, albatta, qonun oldida javob berishi shart. Lekin, uni ayblamoqchi bo‘lganlar qachonlardir Gulnoraning “yaratuvchi”lar safida bo‘lgan-bo‘lmaganini bir mulohaza qilib ko‘rsa yaxshi bo‘lardi...

Rustam Jabborov
 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Gulnora Karimova

Baholaganlar

930

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing