Prezident investitsiya forumi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi
Jamiyat
−
27 yanvar 2020
4764O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 27 yanvar kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumini yuqori saviyada tashkil etish masalasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
O‘tgan Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yilida investitsiyalar hajmi sezilarli darajada oshdi. Ayniqsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar 4,2 milliard dollarni tashkil etib, 2018 yilgiga nisbatan 3,1 milliard dollarga yoki 3,7 barobar o‘sdi.
Davlat rahbari kuni kecha Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida iqtisodiyotni yuqori sur’atlar bilan rivojlantirish uchun faol investitsiya siyosati izchil davom ettirilishi, joriy yilda o‘zlashtiriladigan investitsiyalarning salmoqli qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar va kreditlar bo‘lishini alohida qayd etdi.
Xususan, 2020 yilda mamlakat iqtisodiyotiga 5,8 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish belgilangan. Shu maqsadda mart oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Forumning asosiy maqsadi iqtisodiyot drayverlari hisoblangan energetika, mashinasozlik, elektrotexnika, axborot texnologiyalari, to‘qimachilik, qishloq ho‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, qurilish sohalari hamda hududlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni kengaytirishdir.
Yig‘ilishda ushbu anjumanni yuqori saviyada tashkil etish uchun aniq tashkiliy vazifalar belgilab berildi.
Xususan, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga tarmoq va hududlar rahbarlari bilan birga xorijiy investorlarga taklif etiladigan istiqbolli loyihalar bo‘yicha taqdimot materiallari tayyorlash vazifasi qo‘yildi.
Hududiy loyihalarni amalga oshirish uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilar va xorijiy investorlar o‘rtasida bevosita hamkorlik o‘rnatishga alohida e’tibor qaratish kerakligi ta’kidlandi.
Tashqi ishlar vazirligiga yetakchi xorijiy kompaniyalar, xalqaro moliya tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillarini forumga jalb etish bo‘yi cha ko‘rsatmalar berildi.
Anjuman o‘tkaziladigan joylarni yuqori saviyada tayyorlash, uni ommaviy axborot vositalarida keng targ‘ib etish va yoritib borish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Mutasaddilar forumga tayyorgarlik ishlari va erishilishi mo‘ljallanayotgan kelishuvlar haqida hisobot berdi.
LiveBarchasi