Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida otishma sodir bo‘ldi
Olam
−
11 aprel 2023
4041Bugun, 11 aprel kuni Ozarbayjon va Armaniston qurolli kuchlari o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Bu haqda har ikki davlatning Mudofaa vazirliklari ma’lum qildi.
Ozarbayjon Mudofaa vazirligining xabar berishicha, 11 aprel kuni Armaniston hududidan o‘qqa tutilishi oqibatida respublika qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari halok bo‘lgan va jarohatlangan.
“11 aprel kuni Armaniston Qurolli kuchlari bo‘linmalari Goris viloyatining Dig aholi punkti yo‘nalishidagi pozitsiyalardan Ozarbayjon armiyasining Lochin yo‘nalishidagi pozitsiyalarini intensiv ravishda o‘qqa tutdi. Ozarbayjon armiyasining harbiy xizmatchilari halok bo‘ldi va yaralandi”, deyiladi rasmiy Baku bayonotida.
Shuningdek, vazirlik Ozarbayjon armiyasi bo‘linmalari adekvat javob choralarini ko‘rganini ham qo‘shimcha qilgan.
Armaniston Mudofaa vazirligi esa Ozarbayjon Qurolli kuchlari bo‘linmalari Syunik viloyatining Tex mahallasi hududida muhandislik ishlarini olib borayotgan arman harbiy xizmatchilariga qarata o‘t ochgani, yaradorlar va halok bo‘lganlar bor ekanini ma’lum qilgan.
Rasmiy Yerevan ham Armaniston bo‘linmalari javob choralarini ko‘rgani, keyinchalik Mudofaa vazirligi qo‘shimcha xabar berishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon Mudofaa vazirligi joriy yilning 5 mart kuni ertalab Ozarbayjon armiyasi bo‘linmalari harbiy yuklarni noqonuniy yetkazib berayotgan arman avtomobilini tekshirish uchun to‘xtatmoqchi bo‘lganini ma’lum qildi. Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobil yo‘lovchilari Ozarbayjon harbiylariga qarata o‘t ochgan. Otishma oqibatida Ozarbayjon Qurolli kuchlarining ikki nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi. Armaniston tomoni uch kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Ozarbayjon ayni vaqtda Armanistonni Qorabog‘ga qurol-yarog‘, minalar va o‘q-dorilar to‘playotganlikda ayblamoqda.
O‘z navbatida Armaniston Tashqi ishlar vazirligi bayonot chiqarib, Ozarbayjonning yangi tajovuzni boshlashiga yo‘l qo‘ymaslik va Tog‘li Qorabog‘ga Armaniston qurolli kuchlari joylashtirilgani haqidagi Ozarbayjon ma’lumotlarini tekshirish uchun xalqaro faktlarni o‘rganish missiyasini yuborishga chaqirgandi. Shuningdek, Ozarbayjon xalqni bo‘ysundirish uchun Tog‘li Qorabog‘ni etnik tozalash va genotsidga duchor qilishga tayyorlanayotganini qayd etdi. Rasmiy Baku esa bu da’volarini bema’nilik deb atadi.
Qorabog‘ urushi
2020 yil 14 iyul kuni Ozarbayjon-Armaniston chegarasida ro‘y bergan to‘qnashuvda Ozarbayjon armiyasining bir general-mayori boshliq 7 nafar askarning shahid bo‘lishi Qorabog‘ning ozod qilinishiga olib kelgan operatsiyaning boshlanishi bo‘ldi. 27 sentyabr kuni Armaniston qo‘shinlari Tog‘li Qorabog‘ yaqinidagi tinch aholi punktlariga o‘t ochdi. Ozarbayjon o‘z yerlarini ishg‘oldan ozod qilish uchun “Qasos” qarshi hujumini boshladi. Natijada, bosib olingan yerlar birin-ketin ozod qilindi.
2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2,9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.
LiveBarchasi