Ozarbayjon va Armaniston chegaralariga Rossiyaning qo‘shimcha kuchlari kiritiladi
Olam
−
20 noyabr 2020
5733Tog‘li Qorabog‘da joylashishni yakunlagan rossiyalik tinchlikparvar kuchlar xalqaro gumanitar tashkilotlar faoliyati uchun xavfsiz muhit yaratdilar. Yaqin kelajakda mintaqaning dolzarb muammolarini hal qilish uchun Moskva shuningdek vakillik delegatsiyasini yuboradi, deydi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 20 noyabr kuni Qorabog‘dagi Rossiya tinchlikparvar kuchlari missiyasi bo‘yicha yig‘ilishda.
Qayd etilishicha, Qorabog‘da joriy yilning 9 noyabr kuni Rossiya, Ozarbayjon Prezidentlari va Armaniston Bosh vaziri o‘rtasida imzolangan sulhga rioya qilinmoqda
Rossiyaning tinchlikparvar kuchlari Tog‘li Qorabog‘ hududida joylashishni yakunladi, deya xabar qildi Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Putinga. Viloyatga 1960 kishi va 552 ta texnika jalb qilingan, 23 ta kuzatuv punktlari jihozlangan.
O‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzish va Qorabog‘dagi mojaro tomonlari aloqa chizig‘ida provokatsiyalar qayd etilmagan, deydi tinchlikparvar kuchlar qo‘mondoni Rustam Murodov. Unga ko‘ra, "mayda hodisalar" joyida hal qilinmoqda.
Bundan tashqari, yaqinda Ozarbayjon va Armaniston chegaralariga tinchlikparvar kuchlardan tashqari Rossiya chegarachilarining qo‘shimcha kuchlari ham kiritiladi.
Putin ta’kidlaganidek, "gumanitar tashkilotlar ishchilari uchun xavfsiz sharoitlar yaratilgan".
Xalqaro yordam
Qorabog‘ga yordam ko‘rsatishda yetakchi rol Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasiga tegishli bo‘lishi kerak, deydi Prezident. Boshqa tuzilmalar, shu jumladan, BMTning Qochqinlar bo‘yicha idorasi, Gumanitar masalalar bo‘yicha koordinatsiya, JSST, Jahon oziq-ovqat dasturi va BMTning minalarga qarshi kurashish xizmati undan o‘rnak olishlari kerak.
Mintaqadagi tarixiy yodgorliklar va diniy qadamjolarni muhofaza qilishda UNESCO’ning ishtiroki "o‘ta muhim", deydi Putin. Moskva, shuningdek, BMTning Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) janglar bo‘lib o‘tgan joylarda gumanitar muammolarni hal qilishga qo‘shilishini kutmoqda.
“Rossiyaning sa’y-harakatlari va ixtisoslashgan xalqaro tuzilmalarning ishtiroki Tog‘li Qorabog‘ muammosini uzoq muddatli siyosiy yo‘l bilan hal qilishga yordam beradi”, deydi Putin. Unga ko‘ra keyingi bosqichlarda BMT Taraqqiyot dasturi o‘zining ijobiy rolini o‘ynashi kerak.
Shu bilan birga, u mojaroni hal qilish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarning bajarilishini sekinlashtirmoqchi bo‘lganlarni ogohlantirdi: "faqat urush ularga muqobil tanlov bo‘lishi mumkin. Agar Xudo saqlasin, urush bo‘lsa, unda qurbonlarning qoni ushbu shartnomalarni “koptok” qilmoqchi bo‘lganlarning qo‘lida bo‘ladi”.
Rossiya allaqachon yordam bermoqda
“Hozir mintaqada 135 mingga yaqin tinch aholi yordamga muhtoj, ulardan 90 mingga yaqini Armanistonga ko‘chishga majbur bo‘lgan”, deydi Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov. 1992-1994 yillardagi urush paytida Qorabog‘ni tark etgan qochqinlar alohida masala, deya esladi u.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari Yevgeniy Zinichevning so‘zlariga ko‘ra, yaqin kelajakda mintaqaga 30 minggacha odam qaytishi mumkin, garchi u yerda 5 mingga yaqin odamni joylashtirish mumkin bo‘lsa ham, hozirda turli xil yo‘llar ko‘rib chiqilmoqda, jumladan, oldindan tayyorlangan uy-joylarni qurish ham.
Qayd etilishicha, bugun, 20 noyabr kuni insonparvarlik yuklari bo‘lgan karvon Rossiyadan Qorabog‘ tomon jo‘nab ketdi, yana biri ertaga, 21 noyabr kuni yubriladi.
“Moskva mintaqaga moliyaviy yordam ko‘rsatishi mumkin”. Moliya vaziri Anton Siluanov aniq takliflarni tayyorlashga va’da berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Armanistondan, avvalo, mojarolar tufayli uysiz qolganlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha so‘rovlar kelib tushgan.
Shuningdek, Putin Bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novakka yoqilg‘i-energetika kompleksiga mas’ul bo‘lib, Yerevan bilan to‘qnashuvlar zonasida isitish masalalarini ko‘rib chiqishni buyurdi. U mintaqa tog‘li hudud ekani, allaqachon sovuq tushganini eslatdi.
“Yaqin kelajakda Rossiya dolzarb muammolarni hal qilish uchun mintaqaga "vakillik delegatsiyasini" yuboradi”, deydi Putin. Davlat rahbari uning kim bo‘lishini aniq aytmadi.
LiveBarchasi