Ozarbayjon USAID'ni mamlakatdan haydadi
Olam
−
22 noyabr 2023
10765AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligiga (USAID) endi Ozarbayjonda joy yo‘q. Bu haqda mamlakat Prezidenti yordamchisi Himat Hojiyev ma’lum qildi.
U agentlik rahbari Samanta Pauerning armanlarni qo‘llab-quvvatlagan so‘zlariga ishora qilib, uni ozarbayjonlik qochqinlarga yetarlicha e’tibor bermayotgani uchun qoraladi.
“Niqoblar yirtilib ketdi! Bundan buyon Ozarbayjonda USAID uchun joy yo‘q!” deb yozgan Hojiyev X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida.
Aliyevning yordamchisi Qo‘shma Shtatlarni Armanistonni “30 yillik Ozarbayjon hududlari bosib olingan davrda” qo‘llab-quvvatlaganlikda aybladi, shuningdek, USAID rahbarini Qorabog‘dan Armanistonga ketgan armanlarni qo‘llab-quvvatlash haqidagi bayonotlari uchun tanqid qildi.
“AQSHning BMT Xavfsizlik Kengashidagi doimiy vakili sifatida u hech qachon ozarbayjonlik qochqinlar va ichki ko‘chirilganlarning ayanchli ahvoli to‘g‘risidagi masalani ko‘tarmagan va BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari bajarilishini talab qilmagan”, deya qo‘shimcha qildi u.
Joriy yilning sentyabr oyida Pauer Armanistonga safari chog‘ida AQSH hukumati Qorabog‘dan ko‘chirilganlarga yordam berish uchun 11,5 million dollar ajratishini aytgan edi. Keyin u bu yordam oziq-ovqatdan tortib, ijtimoiy va psixologik yordamga qadar bo‘lishini aniqladi.
Joriy yilning 19 sentyabr kuni Qorabog‘da vaziyatning navbatdagi keskinlashuvi yuz berdi. Baku "mahalliy aksilterror operatsiyasi" boshlanganini e’lon qildi va arman harbiylarini mintaqadan olib chiqib ketishni talab qildi. Yerevan Qorabog‘da arman qurolli kuchlari yo‘qligini ta’kidlab, sodir bo‘layotgan voqealarni “keng ko‘lamli tajovuz” deb atadi. Rossiya mojaro tomonlarini qon to‘kilishini to‘xtatib, diplomatik kelishuvga qaytishga chaqirdi. 20 sentyabr kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Rossiya tinchlikparvar kontingenti ishtirokida Qorabog‘da aksilterror tadbirlarini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi.
28 sentyabr kuni tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi prezidenti Samvel Shahramanyan 2024 yil 1 yanvardan uning faoliyatini tugatish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Aholiga Baku taklif qilgan reintegratsiya shartlarini ko‘rib chiqish va qolish imkoniyati to‘g‘risida mustaqil qaror qabul qilish buyurildi.
LiveBarchasi