Ozarbayjon Rossiya-Ukraina urushida ukrainlar g‘alabasi uchun yordam bermoqchi

Olam

image

Ozarbayjon Ukraina uchun yangi yordam paketini e’lon qildi. Bu haqda Ukraina hukumati portalida ma’lum qilindi

Qayd etilishicha, kecha, 10 avgust kuni Ukraina Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bogdan Drapyatiy va Ozarbayjonning Ukrainadagi favqulodda va muxtor elchisi Seymur Mardaliyev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Uchrashuvda muhokama qilingan asosiy mavzu Ukrainaning aholi punktlarini minalardan tozalash masalasi va bu bo‘yicha rasmiy Bakuning yordami bo‘lgan. 

Ukraina Ichki ishlar vaziri o‘rinbosarining aytishicha, hozirda mamlakatda aholi yashash joylarini minalardan tozalash bo‘yicha ishlar jadallik bilan olib borilmoqda, ammo unga minalardan tozalash uskunalarini yetkazib berish bo‘yicha yordam kerak. Drapyatiyning so‘zlariga ko‘ra, bir dona shunday qurilma 1 kun ichida sapyorlarning 100 kunlik ishini bajaradi. 

O‘z navbatida, Seymur Mardaliyev ham Ozarbayjon Rossiya bilan urushda Ukrainani to‘liq qo‘llab-quvvatlashda davom etishini bildirgan. 

“Ushbu uchrashuvda ishtirok etganimizdan juda xursandmiz. Biz Rossiya Federatsiyasining tajovuzini qaytarishdagi matonatingiz va jasoratingizdan hayratda ekanligimizni bildirmoqchimiz. Shuning uchun biz Ukrainani minalardan tozalash masalasida yordam paketi hajmini oshirishga qaror qildik. Biz allaqachon Ukrainaga yordam berish bo‘yicha siyosiy majburiyatlarni olganmiz”, deya Mardaliyevning so‘zlari keltiriladi Ukraina hukumati portalida. 

Bunda Ozarbayjon Ukrainaga to‘rtta yo‘nalishda yordam ko‘rsatadi. Bular: harbiy harakatlar sabab jabrlangan ukrainalik bolalarni tibbiy va psixologik reabilitatsiya qilish, energetika sohasidagi yordam va Ukrainani urushdan keyin rekonstruksiya qilishdagi ko‘mak. 

“Biz hamkorlik qilish uchun Irpen shahrini tanladik. Gap shahar infratuzilmasini rekonstruksiya qilish haqida bormoqda. Loyiha konsepsiyasida arxitektura markazi, sport majmuasini rekonstruksiya qilish, bolalar uchun yangi san’at markazi qurish, shifoxonani tibbiy jihozlar bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan”, deydi Ozarbayjon elchisi. 

Bundan tashqari, kelgusida minalardan tozalash masalasida tajriba almashish bo‘yicha Ozarbayjon hududida treninglar o‘tkazishga ham kelishilgan. 

“Ozarbayjon minalardan tozalash sohasida ukrainalik mutaxassislar uchun treninglar o‘tkazadigan davlatlar ro‘yxatiga qo‘shildi. Bizning tajribamiz siz uchun juda qiziq bo‘ladi. Gap nafaqat milliy imkoniyatlar, balki Ozarbayjon ishtirok etgan xalqaro missiyalar haqida ham ketmoqda. Biz sizga kerakli yordamni ko‘rsatishda davom etamiz. Prezidentimiz vaziyatni nazorat ostida ushlab turadi va davlatingiz rahbari Vladimir Zelenskiy bilan doimiy muzokaralar olib boradi”, deya xulosa qilgan Mardaliyev. 

Ma’lumot uchun, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon Ozarbayjon unga ming tonnadan ortiq dori-darmon, tibbiy asbob-uskunalar va umumiy qiymati 17 million dollarga yaqin gumanitar yordam yetkazib bergan. Shu bilan birga, Ozarbayjon Rossiyaning raketa zarbalaridan keyin Ukraina energetika tizimini tiklash harakati doirasida ushbu mamlakatga 45 ta quvvat transformatori va 50 ta generator jo‘natgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Ukraina yordam

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing